Buxoro qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan voleybol bo‘yicha musobaqaning Respublika bosqichiga mezbonlik qildi.

Respublikamizning barcha viloyatlaridan jami 280 nafar voleybolchi qizlardan iborat 14 ta jamoa 16-21, 22-26 yosh toifalari bo‘yicha g‘oliblik uchun o‘zaro kuch sinashdi.

–Aytish o‘rinliki, sentyabr oyidan start olgan Besh tashabbus olimpiadasining ikkinchi mavsumi doirasida voleybol musobaqasida ishtirok etish istagini bildirib 1 million 298 ming 378 nafar yoshlar ro‘yxatdan o‘tgan, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Rahmonov. – Har bir bosqichda saralanib 208 nafar yoshlar musobaqaning Respublika bosqichigacha yetib keldi. Maqsad hududlardagi mahallalarda ommaviy sport musobaqalarini o‘tkazish orqali, ayniqsa, qishloq joylarda yoshlar va uyushmagan yoshlarni bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, jinoyatchilikni oldini olish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yoshlarni jismonan sog‘lom va har tomonlama barkamol qilib voyaga yetkazishdan iborat.

Uch kun davom etgan musobaqalar natijalariga ko‘ra, 16-21 yosh toifasida 1-o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak tumani, “Madaniyat” mahalla fuqarolar yig‘ini, 2-o‘rin Surxondaryo viloyati, Denov tumani, “O‘zgarish” mahalla fuqarolar yig‘ini, 3-o‘rin Toshkent viloyati Ohangaron shahri “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘ini jamoalariga nasib qildi.

22-26 yosh toifasida 1-o‘rinni Farg‘ona viloyati, Qo‘shtepa tumani “Do‘rmon” mahalla fuqarolar yig‘ini, 2-o‘rinni Toshkent viloyati, Ohangaron shahri “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig‘ini, 3-o‘rinni Surxondaryo viloyati, Muzrabot tumani, “Buyuk ipak yo‘li” mahalla fuqarolar yig‘ini jamoalari egalladi.

G‘olib jamoalar tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

 

Zarif Komilov,  

Tohirjon Istatov (surat), O‘zA