Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar majmuasida “Ipak yo‘lida turizm” 27-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi davom etmoqda. Qayd etish lozimki, mazkur tadbir dunyoning 30 mamlakatidan 300 nafardan ortiq soha vakillarini o‘zida jamlagan. Yarmarka doirasida mutaxassislar ishtirokida forum va sessiyalar, modalar namoyishi, B2B uchrashuvlari, gastrobozor, xalqaro oshpazlarning mahorat darslari o‘tkazilmoqda.

Rossiya Turoperatorlari assotsiatsiyasi (ATOR) ijrochi direktori Mayya Lomidzening so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Rossiya turizmi segmentida eng tez rivojlanayotgan bozorlardan biri bo‘lib, chiqish turizmi hajmi kirish turizmi hajmidan tezroq o‘sib bormoqda. Xususan, joriy yilda Rossiyadan O‘zbekistonga klassik turistlar oqimi 20-25 foizga oshgan. Ko‘plab o‘zbekistonlik sayyohlar ham Rossiyaga borish istagini bildirgan.

Yarmarkada Farg‘ona viloyatining turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish orqali kelgusi yillarda mahalliy va xorijiy turistlar oqimini ikki barobarga oshirish maqsadida turizm sohasi vakillari va soha tadbirkorlari tomonidan 2 mingdan ortiq mahsulotlar va ko‘rsatiladigan xizmat turlari bo‘yicha targ‘ibot bukletlari tarqatildi.

Respublikaning yetakchi turistik korxonalari bilan 551 dan ortiq kelishuvlarga erishildi. Jumladan, “Dilrabo tourism and logistics” MCHJ, “Farg‘ona vodiy sayyoh” hamda “Kokand tourism” turoperatorlik korxonalari tomonidan ko‘rgazmaga tashrif buyurgan Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Armaniston, Ozarbayjon va Malayziya davlatlari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazilib, kirish va chiqish turizm yo‘nalishlari bo‘yicha bitim kelishuvlarga erishildi. Bundan tashqari, Qozog‘iston bilan hunarmandchilik yo‘nalishida ham hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ayni damda Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi tomonidan o‘zaro, ham respublika, ham xorijiy davlatlar tashkilotlari bilan 257 ta shartnoma imzolandi.

Shuningdek, “Ipak yo‘lida turizm” 27-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida 2023 yilda turizm sohasini rivojlantirishda Qirg‘iziston Respublikasidan Navoiy viloyatiga turistlar oqimini yuborish bo‘yicha ham  takliflar qabul qilindi. Qayd etilishicha, 2023 yilning yanvar oyidan boshlab har oy davomida Navoiy viloyatiga Qirg‘iziston Respublikasidan 5 mingga yaqin sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Qirg‘iziston Respublikasi vakillari Navoiy viloyatining safari turizmi, ziyorat turizmi va eko turizm ob’ektlariga qiziqish bildirgan va aynan shu turizm turlarini rivojlantirish maqsadida viloyatga investitsiya kiritish bo‘yicha ikki tomonlama memorandum imzolandi.

Yarmarkaning birinchi kunida samarqandlik tadbirkorlar hamda Samarqand viloyati Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi tomonidan 400 ga yaqin hamkorlik shartnomalari imzolanishiga erishildi.

Shuningdek, yarmarka doirasida Samarqand gastronomiyasi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Samarqandcha osh va kaboblar tayyorlandi hamda ishtirokchilarga tarqatildi. Imzolangan shartnomalar Samarqand viloyati turizm salohiyatini yanada targ‘ib etish orqali turistik xizmatlar eksportini oshirish, aholining xizmatlar sohasida bandligini ta’minlash hamda xorijiy va mahalliy turizm sohasi vakillari bilan Samarqandga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, 2023 yilning kuz faslida BMT Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining 25-sessiyasi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. O‘tgan yili Ispaniyada bo‘lib o‘tgan 24-sessiya doirasida UNWTOga a’zo davlatlar turizm idoralari rahbarlari orasida o‘tkazilgan ovozga qo‘yish jarayonida O‘zbekiston Portugaliyani ortda qoldirib, ushbu tadbirning yubiley marosimini Samarqand shahrida o‘tkazishga qaror qilindi.

UNWTO Bosh assambleyasi yubiley sessiyasi mingdan ziyod xorijiy mehmonlarni jalb qiladi. Bu esa mahalliy xalq va hunarmandlarning daromadini oshirish barobarida milliy iqtisodiyot rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA