O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi qon quyish markazida “Bor mehrimiz senga bolajon!” shiori ostida beg‘araz donorlik aksiyasi tashkil etildi.

Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan ikki kun davom etgan aksiyani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad, tibbiy-ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, insonlarni ko‘ngilli ravishda qon topshirishga chaqirish orqali bemorlarning hayotini saqlab qolish, jamiyatda insonparvarlik va mehr-oqibat g‘oyalarini keng targ‘ib qilishdan iborat.

Shunday xayrli va savobli ishga bel bog‘lagan “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi ushbu aksiyani 2018 yildan buyon har yili ikki marta o‘tkazib kelmoqda.

Erta tongdan boshlangan aksiyada partiya xodimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi a’zolari, Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari deputatlari, partiya faollari hamda ko‘ngillilar ishtirok etdi.

Yuzlab insonlar bir maqsad yo‘lida birlashib, qonga muhtoj bo‘lgan bemor bolajonlarga hayot bag‘ishlash, umid berish, ularning sog‘ayib ketishlariga hissa qo‘shishdek xayrli, savobli ishga bel bog‘lab, qon topshirdi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA