Xalqimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligini keng nishonlash arafasida turibdi.

O‘zbekiston xalqi davlat mustaqilligini qo‘lga kiritganidan so‘ng, o‘z oldiga insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishni oliy maqsad qilib oldi. Konstitutsiyamiz o‘tgan yillar davomida xalqimizning ushbu oliy maqsadiga chin ma’noda huquqiy poydevor vazifasini o‘tashga muvaffaq bo‘ldi.

Shu o‘rinda mamlakat Konstitutsiyasida belgilangan eng muhim prinsiplar Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan “…inson, uning haq-huquqlari va baxt saodati davlat siyosati, barcha davlat organlari faoliyatining eng ustuvor maqsadi bo‘lishi lozim. Jamiyat qurilishi va davlat siyosati ana shu g‘oyaga tayanishi hamda «Davlat – inson uchun» tamoyili asosida tashkil etilishi darkor» degan g‘oya asosida yana rivojlantirilmoqda. Eng muhimi Qonun ustuvorligi butun taraqqiyotimizning muhim sharti sifatida e’tirof etilmoqda.

Ma’lumki, Qonun ustuvorligi – adolat mezonining muhim sharti hisoblanadi. Qonun ustuvor bo‘lmagan jamiyatda esa, adolat haqida iymanibroq gapirasan kishi.

Qonun ustuvorligi, bu avvalo Konstitutsiya ustuvorligi demakdir. Agar jamiyatda Konstitutsiya ustuvor bo‘lmasa, olib borilayotgan islohotlar ham kutilgan samarani bermaydi.

Abdumannob Raximov,O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyasi

Shuning uchun ham mamlakatimiz Asosiy qonunining 16-moddasi, ikkinchi qismi Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlashga da’vat etilgan bo‘lib, unda «Birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas” deb belgilangan.

Ushbu konstitutsiyaviy normani ijrosini ta’minlash mas’uliyati O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining zimmasiga yuklatilgan.

Shu o‘rinda, Muhtaram Prezidentimizning «Adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashda sud hokimiyati hal qiluvchi o‘rinni egallaydi» degan e’tiroflari, aynan, Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga qaratilgan, deb aytsak mubolag‘a bo‘lmaydi.

To‘g‘ri, bu gapni aytish Konstitutsiyaviy sud vakiliga biroz nokamtarlik bo‘lishi mumkin. Lekin, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining alohida o‘rni borligini hech kim inkor etmaydi.

Dunyo amaliyotidan ma’lumki, barcha qonunlar va ularning ijrosi har doim ham adolatli bo‘lavermaydi. Shuning uchun ham bunday noxush hodisalar ro‘y bermasligi uchun ishonchli nazorat omillari tashkil etiladi. Tabiiyki, bunday nazorat qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat tarmoqlari tomonidan ta’minlanadi. Qonun va uning ijrosi adolatli ekanligiga shubha paydo bo‘lsa, avvalo, bu masala ular tomonidan hal etilmog‘i shart. Bevosita qonunchilik va uning ijrosi bilan mashg‘ul bo‘ladigan davlat organlaridan tashqari, prokuror nazorati yoki nazorat-taftish organlari ham mavjud.

Qonun va ijroning adolatsizligi to‘g‘risidagi ariza va shikoyatlar ular tomonidan ma’muriy tartibda ko‘rib chiqiladi. Natijada qonun qayta ko‘riladi yoki ijroning salbiy oqibatlari bartaraf etiladi. Biroq shunday bo‘lsada qonun chiqaruvchi yoki ijro hokimiyatining qarorlari har doim ham adolatli bo‘lavermaydi, ular arizachi yoki shikoyatchini qoniqtirmasligi mumkin. Bunday paytda fuqaroning huquq va erkinliklari buzilsa, qarorlar ustidan sudga arz qilish zarurati tug‘iladi.

Bahsli vaziyatni hal etish uchun sud jarayoni boshlanadi. Chunki davlat organi qarori va hatto uning noqonuniy faoliyati odil sudlov hukmidan chetda qolishi mumkin emas.

Faqat sud hokimiyati adolat masalasini hal etib beradi. Mamlakatimiz sud hokimiyati tizimida o‘zining alohida o‘rniga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi aynan shunday masalalarni hal etishga da’vat etilgan desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Manbalarda keltirilishicha 1803 yilda Merberining Medisonga qarshi ko‘rilgan ishi konstitutsiyaviy yurisdiksiyaning, hozirgi zamon tushunchasidagi qonunlar ustidan konstitutsiyaviy nazoratning boshlanishi deb e’tirof etiladi.

Agar Kongress tomonidan qabul qilinadigan qonunlar AQSH Konstitutsiyasiga zid bo‘lsa, ijro etilmasligi mumkinligini o‘shanda AQSH Oliy sudi birinchi marta tan olgan.

O‘zbekistonda konstitutsiyaviy nazorat institutining paydo bo‘lishi mustaqillikning ilk davri, aniqrog‘i o‘tgan asrning
90 yillariga to‘g‘ri keladi.

Yuridik adabiyotlarda Konstitutsiyaviy nazorat komitetini tashkil etilishiga O‘zbekistonda Konstitutsiyaviy mustaqillik yo‘lida tashlangan ilk qadam, deb ta’rif berilishi o‘sha vaqtlarda Konstitutsiyaviy nazoratning o‘rnatilishi nechog‘liq muhim bo‘lganligini tasavvur etish qiyin emas.

Bugun faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi 1995 yilning 30 avgustda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq tashkil etilgan.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi butun jamiyatda bo‘lgani kabi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyati samaradorligini oshirish, uning huquqiy asoslarini takomillashtirish masalasini kun tartibiga olib chiqdi.

Dastlab, 2017 yil 31 mayda «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonuni yangi tahrirda qabul qilindi.

Keyinchalik, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 dekabrdagi «Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ–4551-sonli qarorini ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonuni 2021 yil 27 aprelda qabul qilindi.

Konstitutsiyaviy qonunning eng muhim yangiligi nimada bo‘ldi? Albatta, yangi qonunda Konstitutsiyaviy sudda ish yuritishning barcha protsessual bosqichlarini konstitutsiyaviy qonun darajasida belgilanishi uning muhim yutug‘i hisoblanadi.

Konstitutsiyaviy qonunning tayanch nuqtasi deb, «Agar qonun fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini buzayotgan hamda sudda ko‘rilishi tugallangan muayyan ishda qo‘llanilgan bo‘lsa, fuqarolar va yuridik shaxslar qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish to‘g‘risidagi shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat etishga haqli» degan mazmundagi normani ko‘rsatish mumkin.

E’tirof etish lozim, dunyodagi barcha Konstitutsiyaviy sudlar faoliyati normativ-huquqiy hujjatlarning konstitutsiyaviyligini o‘rganish orqali mamlakat Konstitutsiyasini barqarorligini ta’minlashga da’vat etilgan.

Shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi ham qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish orqali O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi barqarorligini ta’minlaydi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi tantanalari mamlakatimizda keng ko‘lamda boshlangan konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi.

Buning ham o‘z hikmati bor. Chunki, O‘zbekiston o‘zining yangi taraqqiyot bosqichiga kirdi. Taraqqiyotning yangi davrida albatta, uning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish zarurati paydo bo‘ladi. Qolaversa, jahonda ro‘y berayotgan globallashuv jarayonlari va Konstitutsiyamizni yanada barqarorligini ta’minlash konstitutsiyaviy islohotlarning bosh maqsadidir.

Hech mubolag‘asiz aytish mumkin, mamlakatimiz Konstitutsiyasi yana uzoq yillar Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining garovi bo‘lib xizmat qiladi.

 

Abdumannob Raximov,

O‘zbekiston Respublikasi

Konstitutsiyaviy sudining sudyasi