Gruziya Moliya vazirligining Daromadlar xizmati rahbari Levan Kakava boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Dastlab Davlat bojxona qo‘mitasida ikkala mamlakat bojxona xizmati rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, DBQ raisi A.Mavlonov O‘zbekiston-Gruziya o‘rtasida bojxona sohasidagi hamkorlik tubdan yangicha ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Ma’lumki, joriy yilning sentyabr oyida O‘zbekiston delegatsiyasi Gruziyada bo‘lib, bojxona tizimida qo‘lga kiritilgan yutuq va tajribalar bilan yaqindan tanishib, muhim kelishuvlarga erishilgan edi. Mazkur kelishuvlarni amalga oshirish uchun yo‘l xaritasi tasdiqlangan.

Gruziya delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifini esa ushbu kelishuvlarning ilk samarasi deb baholash mumkin.

Uchrashuvda O‘zbekistonda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida bojxona sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar, xususan, sohani raqamlashtirish hamda bojxona xodimlarining ijtimoiy muhofazasi yo‘nalishlarida ko‘rgazmali taqdimotlar amalga oshirildi.

Tadbirda xavflarni boshqarish, bojxona auditi, tovarlarning bojxona ekspertizasi, xalqaro hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi. Istiqbolda ikkala mamlakat bojxona idoralarining qo‘shma kengashini tashkil etish imkoniyati ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar 2023-2024 yillarda hamkorlikdagi chora-tadbirlar rejasi, tovar va transport vositalari bo‘yicha oldindan axborot almashishning texnik shartlarini imzolashdi.

 

O‘zA