Xalqaro OITSga qarshi kurash kuni munosabati bilan AOKAda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botirjon Qurbonov ishtirokida birifing o‘tkazildi. Unda mamlakatimizda ushbu sohada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda OIV va OITS kasalligiga qarshi kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Prezidentimizning 2018 yilda qabul qilingan tegishli qarori va 2018-2022 yillarga mo‘ljallangan Odam immuniteti tanqisligi virusini keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish va kasalxona ichki infeksiyalari profilaktikasi tadbirlarining samaradorligini oshirishga doir kompleks qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasi ijrosini ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, har yili respublikamizda 4,0-4,5 mln. aholi OIV infeksiyasiga tekshiruvlar bilan qamrab olinmoqda. 0,1 foiz holatlarda kasallik aniqlanmoqda.

–  Bu esa aholi o‘rtasida kasallikning kamayib borayotganidan darak beradi, – deydi B.Qurbonov. – Bundan 10 yillar avval respublikamizda 700 ming nafar aholi OIV infeksiyaga tekshirilgan va kasallik aniqlanish ko‘rsatkichi 0,42-0,45 foizni tashkil etgan. Kasallikning onadan bolaga yuqish ko‘rsatkichi  4,8 foizdan 0,6 foizgacha kamayishiga erishildi. 2009 yillarda respublikada OIV infeksiyasi 60,8 foiz holatlarda parenteral yo‘l bilan yuqqan bo‘lsa, so‘nggi yillarda butun dunyoda qayd etilayotgan holat kabi yurtimizda ham yuqish yo‘llarida o‘zgarishlar kuzatildi. Kuzatishlarga ko‘ra, 74 foiz holatda kasallik jinsiy yo‘l bilan yuqqanligini ko‘rish mumkin.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, bosqichma-bosqich davolashga barham berilib, bugungi kunda OIV aniqlangan shaxslarni tashxis qo‘yilishi bilan 100 foiz ARV terapiyaga olish imkoniyati yaratildi. Respublikada OIV infeksiyali shaxslarni retrovirusga qarshi maxsus terapiya bilan davolash qamrovi esa 79 foizni tashkil etmoqda.

– So‘nggi yillarda aholining 12 foizdan ortig‘i har yili OIV infeksiyasiga tekshiruvlar bilan qamrab olinmoqda, – deydi B.Qurbonov. – Jumladan, o‘tgan yili respublikamizga qaytib kelgan mehnat migrantlarining OIVga tekshiruvlar salmog‘i 70 foizni tashkil etdi. Nikohlanuvchilar va homiladorlarni OIV infeksiyasiga tekshiruvlar bilan qamrab olish amaldagi me’yoriy hujjatlarga asosan olib borilmoqda. 99 foiz holatlarda OIV infeksiyasini barvaqt aniqlash maqsadida OIVga tekshiruvlar o‘tkazilmoqda. In’eksiya orqali giyohvand moddalarni qabul qiluvchilar ichida OIVning tarqalishi 5,1 foizdan 2,9 foizgacha kamayganligini ko‘rish mumkin.

Mamlakatimizda har yili OIV infeksiyali onalardan tug‘ilgan 6 oylikkacha bo‘lgan 600 nafar bolani sun’iy quruq sut aralashmalari bilan ta’minlash mexanizmi yaratildi. 18 yoshgacha bo‘lgan OIV infeksiyali bolalar esa kasallik aniqlanishi bilan ijtimoiy nafaqa bilan ta’minlanmoqda.

Ahamiyatlisi, respublikamizda OIV infeksiyasini yuqtirib olgan shaxslarning kamida 95 foizi o‘zining infeksiya bilan kasallanganligini bilishi, OIV infeksiyasi yuqtirib olgan shaxslarning kamida 95 foizi maxsus retrovirusga qarshi davolash bilan qamrab olinishi, maxsus retrovirusga qarshi terapiya olayotgan shaxslarning kamida 95 foizida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga kamaygan bo‘lishi kerak degan tamoyil asosida ishlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 2030 yilga borib, OITS tarqalishiga barham berish maqsadida ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugun, 1 dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni munosabati bilan Yashnobod tumani Sultonali Mashxadi ko‘chasida joylashgan Documentary Center galeriyasi binosi Mobil laboratoriyasida soat 16.00dan 19.00gacha Gepatit S va OIV infeksilariga anonim tarzda bepul test tekshiruvlari amalga oshirilmoqda.

 

Mohigul Qosimova, 

O‘zA