Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 milliondan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar mavjud. Xo‘sh, ularning o‘qib, bilim olishlari, yaxshi sharoitlarda yashashlari uchun qanday imtiyozlar mavjud? Haq-huquqlari qay darajada ta’minlangan?

O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanalida O‘zbekiston nogironlar jamiyati markaziy boshqaruvi raisi Komil Abdullayev ishtirokida «Imkoniyati cheklangan odamlar muammosi qay darajada?» mavzusida bo‘lib o‘tgan ovozli chat davomida shu kabi savollar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

— Biz atrofimizdagi yordamga, e’tiborga muhtoj insonlarga nisbatan ko‘p hollarda imkoniyati cheklangan, ba’zi hollarda esa nogironligi bor shaxslar iborasini qo‘llaymiz. Aslida bu iboralarning qaysi birini bunday shaxslarga nisbatan qo‘llash to‘g‘riroq, deb o‘ylaysiz?

— Taqdir taqozosi tufayli biror nuqsonli bo‘lib qolgan insonlarga nisbatan imkoniyati cheklangan yoki jismoniy imkoniyati cheklangan, degan so‘z ishlatiladi. Bu ibora o‘sha insonni kamsitishdek bo‘lib tuyuladi. Nogiron so‘zi esa davlatimizga sobiq SSSR paytida Tojikistondan kirib kelgan. Nogiron degan so‘z «ololmas», degan ma’noni bildiradi. Bu ham insonga nisbatan haqoratdek. Yoshligimizda bobolarimiz nuqsoni borlarga nisbatan «uzrli odam» iborasini qo‘llashardi. Aslida uzrli degan ibora ishlatilsa, odamning ko‘ngliga botmaydi, o‘zini kamsitilgandek his qilmaydi. Meni bitta so‘zim bilan qonunlar o‘zgarib ketmaydi. Kelgusida qonunlarga o‘zgartirish kiritish kerak bo‘lsa, ehtimol biror boshqa so‘z qo‘llash tavsiya etilar, degan fikrdaman.

— O‘zbekiston nogironlar jamiyatining vazifasi nimalardan iborat?

— Jamiyatimiz barcha nogironligi bo‘lgan shaxslarga teng imkoniyatlar yaratish maqsadida davlatga takliflar beradi. Ertaga o‘sha bergan takliflarimiz Prezidentimiz tomonidan, Vazirlar mahkamasi tomonidan qaror, farmon bo‘lib chiqadi. Uning loyihasi ishlab chiqilgan paytda bizni tizimimiz bo‘lgan ko‘zi ojizlar, kar-soqovlar jamiyatining takliflari inobatga olinadi.

Biz asosan nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy hayotida ham ko‘maklashamiz. Maishiy masalalarini hal qilishda yordam beramiz. Mehnatga jalb etamiz. Eng asosiysi, ularning haq-huquqlarini himoya qilamiz.

— bugungi kunda nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligiga ko‘maklashish, tizimli qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirish maqsadida Prezidentimizning joriy yil 12 oktyabrdagi «Nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatlariga tegishli tashkilotlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligiga ko‘maklashishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Xo‘sh, nogironligi bor shaxslarni biror tashkilotda ishlashi uchun imkoniyatlar yetarlimi?

— Qaror asosida biz idoralararo kengash tashkil qildik. Bu juda kuchli kengash. Unga barcha vazirliklar, hokimliklar a’zo hisoblanadi. Kengashni sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikromov boshqaradi. Bu inson nogironligi bo‘lgan shaxslarga hamisha yordam berishga harakat qiladigan rahbarlardan.

Hozir bizda monitoring ishlari ketyapti. Bu – qarorning bajarilishi 1-2 kunda yoki bir oyda hal bo‘ladi, degani emas. Korxona va tashkilotlarga nogiron odamni ishga taklif qilishdan oldin uni ishga kirib chiqishi uchun sharoit bormi-yo‘qmi, eng avvalo shu masala hisobga olinishi kerak. Aksariyat tashkilotda sharoit yo‘q. Tashkilotga kirish joylaridagi zinalarning ko‘plari 3 metr balandlikda. Zinalarda nogironlar harakatlanishi uchun sharoit qilinishi zarur. Shu sabab hali qiladigan ishlarimiz juda ko‘p.

Kuzatuvchilar tomonidan berilgan savollarga javoblarning to‘liq qismini YouTube kanalimiz orqali ko‘rishingiz mumkin.

 

 

Nigora Rahmonova, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA