O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 noyabr kuni Navoiy viloyatida bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari tashrif davomida xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida qatnashdi. Shuningdek, hududdagi sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishdi, joylarda xalq bilan muloqot qildi, yangi loyihalarni ishga tushirishda ishtirok etdi.

Dastlab, Navoiy shahrida xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida viloyat ahliga chuqur hurmatini bildirib, sessiyani ochiq muloqot tarzida o‘tkazishni taklif etdi.

– bugungi uchrashuvimizdan eng katta maqsad-muddaomiz – ochiq muloqot. Navoiy viloyatidagi 330 ta mahalla, 1 million 50 ming aholining dardini baralla aytib, chorasini topishimiz kerak. Hurmatli deputatlar, nuroniylar, o‘g‘il-qizlarim, yurakdagi gaplaringizni, joylardagi muammoni ochiq aytsangiz, menga do‘st bo‘lasizlar. Hamma masalalarga xalqimiz bilan bamaslahat yechim topsak, natija bo‘ladi. Bu uchrashuvdan men ham rozi bo‘layin, xalqimiz ham rozi bo‘lsin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muloqotda Navoiy viloyati rivojining bugungi holati tahlil qilindi. Oxirgi uch yilda hududda 2 milliard dollarlik yirik sanoat loyihalari ishga tushgan. Buning natijasida 10 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga qo‘shimcha 1 trillion so‘m soliq tushumi va 100 million dollar eksport ta’minlangan.

Viloyatda iqtisodiyotni yanada rivojlantirish uchun katta zaxira va imkoniyatlar borligi ko‘rsatib o‘tildi. Misol uchun, import bo‘layotgan mahsulotlarni kooperatsiya asosida mahalliy tadbirkorlar ishlab chiqarsa bo‘ladi. Qishloq xo‘jaligida chorvachilik tarmog‘i to‘la ishga solinmayapti. Meva-sabzavot saqlash quvvatlari kam. Ijtimoiy sohada ham aholini qiynayotgan masalalar bor.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Prezident Navoiy viloyati hokimi lavozimiga Normat Tursunov nomzodini tavsiya etdi.

N.Tursunov 1972 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Ko‘p yillar davlat soliq tizimida ishlagan. U 2021 yil noyabr oyidan buyon Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajarib kelmoqda.

Davlatimiz rahbari nomzodni lavozimga tasdiqlashdan avval ochiq muloqot qilib, uning rejalarini eshitishni taklif etdi. Normat Tursunov viloyatda tadbirkorlik, sanoat, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi.

Prezidentimiz bu takliflarni ma’qullab, ularni amalga oshirish choralarini belgilab berdi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kelgusi yilda 26 ta mahalliy sanoat markazi va kichik sanoat zonalari tashkil etish, oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun 600 milliard so‘m yo‘naltirish vazifasi qo‘yildi. Umuman, Navoiy viloyatini “kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hudud”ga aylantirish mumkinligi ta’kidlandi.

Sanoat sohasida kelgusi yilda 186 ta loyihani amalga oshirib, 15 mingta ish o‘rni yaratish choralari belgilandi. Bu importni qisqartirib, eksportni 250 million dollarga yetkazishda muhim omil bo‘ladi.

Xatirchi, Karmana, Navbahor, Qiziltepa va Nurota tumanlaridagi 72 ta mahalla kartoshka, sabzavot, uzum va anor yetishtirishga ixtisoslashgan.

Davlatimiz rahbari bu imkoniyatlarni kengaytirish uchun mazkur mahallalar atrofidagi 5 ming gektarda suv ta’minotini yaxshilash zarurligini ta’kidladi. Yaylov o‘simliklari urug‘chiligi xo‘jaligi, kavrak plantatsiyalari, agrologistika markazlarini tashkil etish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.

Ijtimoiy sohani rivojlantirish, maktab va bog‘chalar barpo etish, aholini uy-joy va ichimlik suvi bilan ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Umuman, 2023 yilda viloyatda ijtimoiy muammolarni hal etishga qo‘shimcha 655 milliard so‘m, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga yana 750 milliard so‘m resurs ajratilishi ma’lum qilindi.

Taqdimotdan so‘ng viloyat kengashi deputatlari nomzodning rejalarini muhokama qilib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Navoiy viloyati hokimini tayinlash masalasi ovozga qo‘yildi. Uning natijalariga ko‘ra, Normat Tursunov Navoiy viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.

Davlatimiz rahbari belgilangan rejalar endi hayotga ko‘chishi, barcha tashkilotlar hokim atrofida birlashib, xalqqa xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.

Sessiyadan so‘ng davlatimiz rahbari navoiylik yoshlar bilan muloqot qildi.

– Men qayerga bormayin, ko‘proq yoshlar bilan uchrashishga harakat qilaman. Taraqqiyot strategiyamizda, hududiy dasturlarda katta maqsadlar qo‘yganmiz. Agar davlat tashkilotlari, barcha darajadagi rahbarlar yoshlar masalalari bilan mukammal shug‘ullanmas ekan, bu marralarga erishib bo‘lmaydi, – dedi Prezident.

Navoiylik yoshlar iqtidorli, hamma sohalarda faol. Bu yil oliy o‘quv yurtlariga kirish bo‘yicha respublikada birinchi o‘rinni egallashdi. Xalqaro fan olimpiadalari, nufuzli musobaqalar g‘oliblarining ham ko‘pchiligi Navoiydan.

Joriy yilda uyushmagan yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 50 milliard so‘m mablag‘ berilib, 13 ming 700 nafar yigit-qiz o‘z yo‘lini topgan. 1 ming 600 gektar ekin maydoni ajratilib, 6 mingdan ziyod yoshlar bandligi ta’minlangan. Sharoiti og‘ir talabalarga 6,5 milliard so‘m kontrakt pullari to‘lab berilgan.

– Farzandlarimizning yutuqlari, albatta, hammamizni g‘ururlantiradi. Lekin bu bilan cheklanib qolish kerak emas. Yoshlarimizning istagini, ehtiyojini, ertangi kunini ta’minlash uchun yana nimalar qilsak bo‘ladi? Bilim va kasblarni egallashi, salohiyatini yuzaga chiqarish uchun qanday yordam berish kerak? Ana shu savollar meni qiynaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois, Prezident yoshlarning fikrlari, takliflarini eshitdi. Yoshlarning mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarni o‘rganishi va ish topishiga yordam beruvchi yangi platformani ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Sanoat zonalariga yoshlarni jalb etish, yaylovlarga suv chiqarib, chorvachilik tashabbuslarini Tadbirkorlik jamg‘armasi orqali qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Navoiy shahrida ixtisoslashgan sport maktabi va mahallalarda sport to‘garaklari tashkil etib, yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish muhimligi qayd etildi. Yoshlar jamg‘armasidan viloyatdagi 325 ta maktabni kitob va musiqa asboblari bilan ta’minlash, madaniy tadbirlarni ko‘paytirish masalalariga ham ahamiyat qaratildi.

Uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha Navoiy viloyati tajribasi yaratilishi belgilandi. Bu tizimning asosiy maqsadi yoshlarni ma’naviy-ma’rifiy rivojlantirish, bandligini ta’minlash hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘ladi.

Prezidentning Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida “Zarafshon oyna” korxonasini ishga tushirishga bag‘ishlangan marosim bo‘ldi.

Ma’lumki, oyna sanoat, qurilish va maishiy hayotda eng ko‘p ishlatiladigan mahsulotlardan. Xususan, yurtimizda qurilish oynasiga bo‘lgan talab yiliga 38 million kvadrat metr. Navoiy viloyati esa pardozbop tosh, kvars qumi, bazalt va kaolin zaxiralariga boy.

Shu bois davlatimiz rahbari 2018 yilda viloyatga tashrifi chog‘ida oyna ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. Bugunga kelib, 250 million dollarlik ushbu loyiha hayotga ko‘chdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, “Zarafshon oyna” korxonasini ishga tushirdi.

– Hozirgacha bunday korxonalar Farg‘ona va Jizzaxda bor edi. Mana, ularning safiga yangi barpo etilgan, keng turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Zarafshon oyna” korxonasi ham qo‘shilmoqda. U kelgusida yanada rivojlanib, xalqimizga xizmat qilishiga ishonamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 12 million kvadrat metr. Mahsulotlar import o‘rnini bosish bilan birga eksportga ham mo‘ljallangan. Bu yerda 700 kishi ish bilan ta’minlangan.

Tadbirda G‘ozg‘on shahridagi “Marmarobod” korxonasi bilan ham videoaloqa orqali bog‘lanildi. U marmar va granit toshlarni qazib olib, qayta ishlashga ixtisoslashgan. Xitoy va Eron davlatlaridan uskunalar olib kelinib, muhandis va mutaxassislar jalb qilingan. 300 kishi ish bilan ta’minlangan.

Davlatimiz rahbari Navoiy shahridagi “Gidro Stanko Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.

Navoiy viloyati sanoatlashgan hudud. Bu yerda tog‘-kon, metallurgiya, kimyo, energetika korxonalari ko‘p. Ularga, umuman, yurtimiz sanoati va qishloq xo‘jaligiga mashinasozlik mahsulotlari doim zarur.

“Gidro Stanko Servis”da aynan shular ishlab chiqariladi. Bu yerda kooperatsiya orqali 100 dan ortiq qurilma va mingdan ortiq turdagi ehtiyot qismlar mahalliylashtirilgan. Natijada 2021 yilda 12 million dollardan ziyod valyuta mablag‘larini tejashga erishilgan. Joriy yil yakuni bilan ishlab chiqarish miqdori 23 million dollar bo‘lishi kutilmoqda.

Korxonaga uskunalar Germaniya, Turkiya, Italiya va Xitoydan keltirib o‘rnatilgan. 370 kishi ish bilan ta’minlangan.

Ayni chog‘da korxonada quyuv sexi tashkil etish va mahsulotlar turini ko‘paytirish ustida ish olib borilmoqda.

Prezidentimiz mutasaddilarga mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

bugungi kunda Navoiy viloyatida mahalliylashtirish dasturi doirasida qiymati 1 trillion so‘mga yaqin 113 ta loyihalar amalga oshirilmoqda. Bularning natijasida joriy yilning o‘zida 100 million dollarlik import qisqartirilishiga erishiladi.

Shu kuni “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasini hamda Navoiy xalqaro aeroporti yuk terminalini boshqarish bo‘yicha hujjatlar imzolandi.

Bu marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so‘zladi.

– Bugun dunyodagi geosiyosiy vaziyat har bir davlatdan o‘z imkoniyat va resurslaridan to‘g‘ri foydalanish, yangi savdo va logistika yo‘laklarini yaratishni taqozo etmoqda. Bu borada jahonning nufuzli kompaniyalari bilan muzokaralar olib borib, eng maqbul takliflarni o‘rganayapmiz. Maqsadimiz – mamlakatimiz eksport salohiyatini 2030 yilgacha kamida 3-4 barobarga oshirish, – dedi davlat rahbari.

“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi hamda Navoiy xalqaro aeroporti sanoat va logistika bo‘yicha ulkan imkoniyatlarga ega. Ularda zarur infratuzilma va tizim yaratilgan. Bundan samarali foydalanish maqsadida Birlashgan Arab Amirliklarining “DP World” kompaniyasi bilan “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasini boshqarish bo‘yicha kelishuv, “Terminals Holding” kompaniyasi bilan Navoiy aeroporti yuk terminalini boshqarish bo‘yicha shartnoma imzolandi.

“DP World” “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida xorijiy investorlar talablariga javob beradigan xalqaro huquq normalarini joriy qilib, yirik ishlab chiqaruvchilarni jalb etadi.

“Terminals Holding” kompaniyasi Navoiy xalqaro aeroportining yuk aylanmasini keskin oshirish va uni yirik kargo xablari bilan bog‘lash bilan shug‘ullanadi. Bu hamkorlik O‘zbekistonning asosiy xalqaro transport yo‘laklariga integratsiya bo‘lishi va tranzit hajmini kamida o‘n barobarga oshirishiga salmoqli hissa qo‘shadi.

Umuman, ushbu ikki kelishuv mamlakatimizda innovatsion va yuqori texnologik xizmatlar ko‘payishi, iqtisodiyotimiz uchun eng muhim bo‘lgan transport kommunikatsiyalari rivojlanishiga xizmat qiladi.

– Bu ikki kompaniyaning O‘zbekistondagi biznesi jadal rivojlanishiga tilakdoshman. Mazkur loyihalar davlatlarimiz o‘rtasidagi yaqin hamkorlik miqyosini yanada oshirishiga ishonaman, – dedi so‘zining yakunida Prezidentimiz.

Marosimda “DP World” va “Terminals Holding” kompaniyalari rahbarlari kelishuvlardan mamnun ekanini bildirib, bu ikki tomon uchun katta imkoniyatlar ochishini ta’kidladi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatiga tashrifi yakunlandi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

Abduvali BO‘RIEV,

O‘zA muxbirlari