T a q d i m o t

Ma’lumki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 15 oktyabr kuni Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammitida tashkilotga a’zo davlatlar adabiyotining eng sara namunalaridan iborat 100 jildlik kitoblar turkumini har bir mamlakatning ona tilida nashr etish g‘oyasini ilgari surgan edi.  

Ana shu ezgu tashabbus asosida yurtimizda “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli 100 jildlik asarlar majmuasi nashr etildi. Kuni kecha O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida jamiyatimizning ijtimoiy-ma’naviy hayotida muhim voqea bo‘lgan ushbu muhtasham majmuaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimot marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov so‘zga chiqib, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangi ma’naviy-ma’rifiy tashabbuslar, ezgu va insonparvar loyihalar, xususan, “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli 100 jildlik asarlar majmuasi nashr etilishining Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi adabiy diplomatiyani shakllantirishdagi ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy ahamiyati, turkiy xalqlar o‘rtasida yagona tarix va umumiy qadriyatlar timsoliga aylangan adabiy aloqalar haqida fikr bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev ushbu yirik majmuani yaratish bilan bog‘liq jarayonlar, olib borilgan ilmiy va ijodiy izlanishlar haqida ma’lumot berdi.

Majmuaga umumturkiy adabiyotning qadimgi davridan to bugungi kunimizga qadar yaratilgan asarlari, jumladan, O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, shuningdek, Turkmaniston va Vengriya  davlatlarining mumtoz va zamonaviy adiblari ijodidan eng sara namunalar kiritilgan.

Majmuaning “Umumturkiy adabiyot namunalari” deb nomlanuvchi dastlabki 5 jildidan Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Ahmad Yugnakiyning “Hibat ul-haqoyiq”, Ahmad Yassaviy va Sulaymon Boqirg‘oniyning “Hikmatlar”i hamda Nosiruddin Rabg‘uziyning “Qissasi Rabg‘uziy” kabi mumtoz asarlari o‘rin olgan. 28 jildni tashkil etgan “O‘zbek adabiyoti namunalari” Alisher Navoiyning saylanma g‘azallari bilan boshlanib, qoraqalpoq adabiyoti namunalarini ham o‘z ichiga oladi.

Majmuada turk, ozarbayjon, qozoq, qirg‘iz va turkman badiiy ijodiyotiga ham keng o‘rin ajratilgan. Jumladan, Jaloliddin Rumiy, Yunus Emro, Nizomiy Ganjaviy, Nasimiy, Fuzuliy, Maxtumquli, Mullanafas, Nozim Hikmat, Samad Vurg‘un, Abay, Muxtor Avezov, Sobit Muqonov, Chingiz Aytmatov, To‘lagan Qosimbekov, Mar Boyjiyev, Otajon To‘g‘on kabi mumtoz va zamonaviy adabiyotning 100 dan ortiq namoyandalari qalamiga mansub noyob meros jamlangan. Taniqli venger adiblarining asarlaridan qilingan tarjimalar yakunlovchi jild sifatida taqdim etilgan.

“Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plamini nashrga tayyorlash jarayonida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashkilotchiligida qisqa muddatda katta mehnat, zalvorli ijodiy ish amalga oshirildi. Majmua uchun material to‘plash maqsadida qardosh davlatlarga bir necha bor ijodiy safarlar uyushtirildi. Eng malakali tarjimonlar, adabiyotshunos va matnshunos olimlar, adiblar, muharrir va rassomlar majmuani tayyorlash va chop etish ishlariga keng jalb etildi.

G‘oyat sinchkovlik va katta mas’uliyat talab qiladigan bunday keng qamrovli ijodiy jarayonda shu kunga qadar amalga oshirilgan tarjimalar orasidan eng saralari, tarjima san’atining mumtoz namunalari sifatida e’tirof etilgan yetuk asarlar tanlab olindi. Mazkur ijodiy loyihada G‘afur G‘ulom, Mirzakalon Ismoiliy, Mirtemir, Nosir Fozilov, Pirimqul Qodirov singari ustoz adiblar bilan bir qatorda badiiy tarjima sohasining bugungi mahoratli namoyandalarining ijodiy ishlariga ham alohida o‘rin ajratildi.

– “Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plami nashr etilgani uchun Ozarbayjon davlati nomidan Prezident Shavkat Mirziyoyevga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz, – dedi taqdimotda so‘zga chiqqan Toshkentdagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori, Ozarbayjon Respublikasining yurtimizdagi elchixonasi birinchi kotibi Samir Abbosov. – Bu g‘oyat muhim tarixiy voqeadir. Endilikda kitobxonlar turkiy mamlakatlarning yozuvchi va shoirlari asarlarini o‘z ona tillarida o‘qish imkoniga ega bo‘ldilar. Adabiyot – hayot ko‘zgusi. Har bir xalq o‘z adabiyoti, madaniyati orqali dunyoga taniladi. Hozir ham adabiyot xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashda muhim vositadir. Biz ushbu to‘plam haqida Ozarbayjon ommaviy axborot vositalariga ma’lumot yubordik. Bu voqelik Ozarbayjonda katta qiziqish uyg‘otdi. Ayni paytda, mazkur majmua Shavkat Mirziyoyevning turkiy adabiyot rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi sifatida yuksak baholanmoqda.

– Turkiy davlatlar o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanmoqda, – dedi Qirg‘iziston Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi madaniyat masalalari bo‘yicha attashesi Ayjamal Qaramurzayeva. – Bunda madaniy hamkorlikka katta e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plamini nashr etishga oid tashabbusi ulkan loyiha sanaladi. U turkiy davlatlar o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarning rivojiga munosib hissa qo‘shadi. Mazkur to‘plamni tayyorlashda mehnat qilgan tarjimon va ijodkorlarga minnatdorlik bildirmoqchiman.

– Ochig‘ini aytganda, Prezidentimizning taklifi tushganda, qisqa vaqt ichida bunday ulkan loyihani bajarib ulguramizmi, degan savol tug‘ilgandi, – dedi “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, taniqli jurnalist va tarjimon Ahmadjon Meliboyev. – Majmuani tayyorlashda Yozuvchilar uyushmasi mas’ullari, olimlar, noshirlar, jurnalistlar birgalashib ishladik. Majmua misolida turkiy tilli davlatlar adabiyotining bosib o‘tgan ijodiy yo‘lini ko‘rsatib berishga harakat qildik. Shu bilan birga, mazkur to‘plamni tayyorlashda qardosh mamlakatlar adabiyotida qanday jarayonlar kechayotganini ham angladik. “Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plamining nashr etilishi Yangi O‘zbekistonning ma’naviy qiyofasini ko‘rsatadigan beqiyos loyiha bo‘ldi.

Taqdimot marosimida so‘zga chiqqanlar ushbu adabiy durdonaning nashr etilishi qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini alohida ta’kidladilar.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Odil Abdurahmonov ishtirok etdi.

Nazokat USMONOVA, O‘zA muxbiri