Prezident Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Bosh vazirini qabul qildi

Dushanbe, 10-mart. O‘zA maxsus muxbiri Abu Bakr O‘rozov xabar qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida 10 mart kuni o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzodani qabul qildi.

Suhbat chog‘ida 9-mart kuni bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlarda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikka doir barcha masalalar muhokama etilib, uni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olingani ta’kidlandi. Savdo, iqtisodiyot, investitsiya, moliya, transport va tranzit, qishloq xo‘jaligi, suv-energetika, soliq, turizm, fan-ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, xavfsizlik kabi sohalardagi hamkorlik hamda hududlararo aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha imzolangan hujjatlar yuqori baholandi.

Muloqotda mazkur kelishuvlarni bajarish, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasini ko‘paytirish va tarkibini diversifikatsiya qilish, biznes uchun qulay muhit yaratish masalalariga e’tibor qaratildi.

Xususan, tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish rejasi ikki mamlakat hukumatlariga katta mas’uliyat yuklashi qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini, buning uchun barcha zarur sharoit yaratilishini ta’kidladi.

Qohir Rasulzoda O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya hamraisi sifatida o‘zaro manfaatli loyihalar ishlab chiqish, qo‘shimcha imkoniyatlar bo‘yicha takliflar tayyorlashga alohida ahamiyat berishini qayd etdi.

Ikki mamlakat hududlari va yetakchi korxonalari o‘rtasida kooperatsiyani kengaytirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish, tranzit yuk tashishni ko‘paytirish va boshqa masalalar muhokama qilindi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” qabul qilish muhimligi ta’kidlandi.

 

O‘zA