Tarixiy tashrif doirasida qator hujjatlar imzolandi

Dushanbe, 9 mart. O‘zA maxsus muxbiri Abu Bakr O‘rozov xabar qiladi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasidagi muzokaralar yakunida ikki mamlakat rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida Do‘stlik va yaxshi qo‘shnilikni mustahkamlash to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot, O‘zbekiston-Tojikiston davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar.

Bundan tashqari, savdo, iqtisodiyot, investitsiya, moliya, transport va tranzit, qishloq xo‘jaligi, suv-energetika, soliq, bojxona, turizm, fan-ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, xavfsizlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohalaridagi hamkorlik hamda hududlararo aloqalarni rivojlantirishga doir jami 27 ta hujjat imzolandi.

Ushbu salmoqli hujjatlar to‘plami mamlakatlarimiz va qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish uchun yangi huquqiy asos yaratadi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon muzokaralar o‘zaro hurmat, ishonch va ishchanlik ruhida o‘tganini, mazkur tarixiy tashrif manfaatli kelishuvlarga erishishda muhim qadam bo‘lib, O‘zbekiston-Tojikiston hamkorligini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishini ta’kidladilar.

– Ushbu tarixiy tashrif doirasida O‘zbekiston bilan Tojikistonning siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika va boshqa ustuvor sohalardagi munosabatlarini mustahkamlashga doir dolzarb masalalarni muhokama qildik. Erishilgan kelishuvlar nafaqat xalqlarimiz, balki butun mintaqa uchun ulkan ahamiyatga ega, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Tojikiston rahbariga atoqli shoir Abdurahmon Jomiyning sara asarlari jamlanib, o‘zbek tilida chop etilgan «Muhabbat maxzani» kitobini sovg‘a qildi.

Davlatimiz rahbari Tojikiston Prezidentiga o‘zi uchun qulay paytda mamlakatimizga tashrif buyurishni taklif qildi. Taklif mamnuniyat bilan qabul qilindi.

Tomonlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnilik asosida yanada mustahkamlashga intilishini bildirdilar.

Prezidentimizning Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi davom etmoqda.

 

O‘zA