O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik aloqalari kengayib bormoqda. 2021 yilda O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi o‘zaro savdo 430,8 million dollarni tashkil qilgan. Jumladan, eksport 176,6 million dollarni, import 254,2 million dollarni tashkil etgan.

Joriy yilning yanvar-iyul oylarida esa ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 272,1 million dollarni tashkil etmoqda. Bunda eksport 100,1 million dollar, import esa 172 million dollarga teng bo‘ldi. Mamlakatimizda hozirgi kunga qadar Eron sarmoyasi ishtirokida 355 ta qo‘shma korxona tashkil etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich oxirgi besh yilda 3 barobar oshdi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha 1999 yilning sentyabr oyida “O‘zbekiston-Eron” do‘stlik jamiyati tashkil etilgan. Islom merosini o‘rganish doirasida Eronning ilmiy muassasalari va Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilgan.

Shuningdek, keyingi yillarda O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi siyosiy va parlamentlararo hamkorlik aloqalari kengayib bormoqda. 2021 yilning 5 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Spikeri N.Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya Eron Islom Respublikasining yangi saylangan Prezidenti I.Raisiyning inauguratsiya marosimida ishtirok etdi. Shu bilan birga, 2022 yilning 12-14 iyul kunlari Eron Islomiy Kengash Majlisi raisi M.Qolibof mamlakatimizga tashrifi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan qabul qilindi hamda mehmon Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Spikeri N.Ismoilov bilan muzokara o‘tkazdi.

Bular haqida kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlametlararo aloqalar qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan “O‘zbekiston Respublikasi va Eron Islom Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari” mavzusidagi qo‘mita eshituvida qayd etib o‘tildi.

Unda Tashqi ishlar, Investitsiyalar va tashqi savdo, Turizm va madaniy meros hamda Madaniyat vazirliklarining axborotlari eshitildi. Eshituvda O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning hozirgi holati, istiqboldagi rejalar muhokama qilindi va savollarga javob olindi.

M.Komilova, O‘zA