Aholi salomatligi muhofaza qilinishida atrof-muhit musaffoligini saqlash, xususan chiqindilarni qayta ishlash tizimini tartibga solish muhim o‘rin tutadi.

O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi shu maqsadda tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.

Mazkur komissiya tomonidan Buxoro va Toshkent viloyatlarida chiqindilar bilan bog‘liq jarayonlar o‘rganib chiqildi.

Oliy Majlis Senatida mana shu o‘rganish natijalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Senat raisi – Parlament komissiyasi hamraisi Tanzila Norboyeva ushbu sohada amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, ko‘plab muammo va kamchiliklar saqlanib qolayotganini ta’kidladi.

– Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni samarali tashkil etish uchun zarur mablag‘lar ajratilmagani bois davlatimiz rahbarining bir necha qarorlari ijrosi ta’minlanmagan, – dedi T.Norboyeva. – Bu boradagi ishlarni amalga oshirish qonunchilik talablariga muvofiq tashkil etilmagan. Xususan, “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasida mahalliy davlat hokimiyati organlariga chiqindi bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishga oid mahalliy dasturlarni tasdiqlash vakolati berilgan bo‘lsa-da, Buxoro va Toshkent viloyatida bunday dasturlar ishlab chiqilmagan va tasdiqlanmagan.

Ikkilamchi xom ashyoni qabul qilish shoxobchalari Buxoro viloyatida 20 ta, Toshkent viloyatida esa 21 ta noqonuniy faoliyat yuritmoqda. Xizmat uchun zamonaviy to‘lov tizimi amaliyotga joriy etilmagani bois Buxoro viloyatida 25,8 milliard so‘m, Toshkent viloyatida 44 milliard so‘m aholining debitor qarzdorligi yuzaga kelgan. Bundan tashqari, zaharli chiqindilar bilan ishlash holati o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Ushbu salbiy holatlarga yo‘l qo‘yilganligi yuzasidan tegishli idora va tashkilot vakillari munosabat bildirishi shart.

Majlisda o‘rganishlar natijasida chiqindilarni yig‘ish, saralash, qayta ishlash va utilizatsiya qilish ahvoli qoniqarli holatda emasligi, deyarli barcha viloyatlar, shu jumladan, Buxoro va Toshkent viloyatlarida ham chiqindilarning bor-yo‘g‘i 10-15 foizi qayta ishlanayotgani tanqid qilindi.

Qayta ishlanmaydigan chiqindilar – biologik chiqindilar, maishiy oqava suvlar bilan bog‘liq muammolar, ulardan taralayotgan yoqimsiz hid tufayli aholi vakillari tomonidan asosli e’tirozlar bo‘layapti. Bunday salbiy holatlarga Toshkent shahrining Sergeli va Yangihayot tumanlari hamda Toshkent viloyatining bir necha tumanlarida duch kelindi. Senatning tegishli qo‘mitalari bu borada zarur ishlarni olib bormoqda.

– Zaharli chiqindilar bilan ishlash holati o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, – dedi Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi, Parlament komissiyasi a’zosi Boriy Alixonov. – Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Yakkatut” mahallasi hududida 64 gektar yer maydoniga 40 ming tonna margumush ishlab chiqarish chiqindisi qoldiqlari ko‘milgan. Lekin ushbu yer maydonining atrofi va ustidagi beton ariq qum-shag‘al bilan to‘lib ketgan. Chiqindixonaning sharqiy tomoni yomg‘ir va qor suvlaridan yuvilib jarlik hosil bo‘lgan, ayrim lotoklar yo‘qolib ketgan. Chiqindixonaning ustki qismiga qo‘yilgan lotok ariqlar ham qum-shag‘al bilan to‘lib ketgan. Umuman olganda, hududning o‘ng, ya’ni g‘arbiy tomonidan Xo‘jaqo‘rg‘on soyi oqib o‘tganligini va hudud sel yuvib ketish xavfi ostida turganligini e’tiborga olsak, agar ushbu hududda texnogen jarayon hosil bo‘lsa, Chorvoq suv omborining suvi zaharlanishi mumkin.

Majlisda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomuradov sohadagi muammolar haqiqatdan mavjudligini qayd etdi. Biroq, ularning yechimlari ko‘p jihatdan to‘lov intizomiga bog‘liq ekanini, aholidan yig‘ilayotgan oylik to‘lovlari xarajatlarni qoplashga yetmayapdi.

Majlis yakunida Parlament komissiyasining sohadagi kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan tegishli qarori qabul qilindi.

Norgul Abduraimova,  O‘zA