Prezident Shavkat Mirziyoyev Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning oltinchi sammitidagi nutqida qit’amizning ko‘plab davlatlari iste’mol mahsulotlarining asosiy import qiluvchilari hisoblanishi va oziq-ovqat xavfsizligining oqibatlarini juda o‘tkir his qilayotganini qayd etdi.

–Butunjahon oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, ochlikdan aziyat chekayotgan sayyoramiz aholisining yarmidan ko‘pi Osiyo qit’asida yashamoqda.

Paradoks shundan iboratki, bir vaqtning o‘zida aynan bizning mamlakatlarimiz jahonning yetakchi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi davlatlari hisoblanadi, – dedi Prezidentimiz va bu borada yangi yondashuvlar:

– oziq-ovqat ishlab chiqarishning barqaror tizimlarini va uni yetkazib berishning optimal zanjirini shakllantirish;

– ichki mintaqaviy savdo o‘sishi uchun texnik reglamentlarni uyg‘unlashtirish;

– Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligini monitoring qilish yaxlit tizimini yaratishni taklif qildi.

Ushbu barcha masalalarni FAO shafeligida kelgusi yili O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyada muhokama qilish taklif etildi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari ekologiya va iqlim o‘zgarishi muammolarini hal qilish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirishni hamda mamlakatlarimizni jadal ko‘klamzorlashtirish va ekotizimlar bog‘liqligini qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha “Yashil Osiyo” konseptual dasturlari doirasida doimiy ekspert maslahatlashuvlarini yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.

O‘zA