Chempionlarni mag‘lub etgan Muzaffar

Dzyudo bo‘yicha o‘tkazilayotgan jahon chempionatining oltinchi kuni o‘zbekistonlik dzyudo ixlosmandlariga betakror lahzalarni, chiroyli bellashuvlarni tuhfa etganligi bilan yodda qoladigan bo‘ldi.

Kun davomidagi bellashuvlarda ikki nafar hamyurtimiz medallar uchun kurash olib bordi.

Qizlar o‘rtasida 78 kilogramm og‘irlikda sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilgan Irisxon Qurbonboyeva ilk jangini polshalik Bita Pasut-Klojko bilan o‘tkazdi. Teng kurashlardan iborat asosiy vaqtda ikkala sportchi ham natijaga erisha olmadi. Qo‘shimcha vaqtda esa Yevropa vakilasining qo‘li baland keldi.

Davlat Bobonovning jahon chempionligiga erishishi bugungi bahslarda qaysidir ma’noda Muzaffarbek To‘raboyevga ruhiy dalda bo‘ldi. Bu o‘tkazilgan har bir uchrashuvda hamyurtimizning ruhiy ustunlikdagi harakatida aks etdi, go‘yo. Iste’dodli sportchimiz avvaliga AQSH, keyin Gruziya, yarim final ostonasida Kanada, yarim finalda Niderlandiya vakillarini mag‘lub etib, finalga yo‘l oldi.

Albatta, yakkakurash sport turlarida, ayniqsa, dzyudo musobaqalarida olimpiya o‘yinlaridan ko‘ra, jahon chempionati bahslarida medallarga ega chiqish juda mushkul vazifa. Boisi, to‘rt yillik o‘yinlarda har bir vaznda sportchilar reyting va olimpiya tizimi holatida ajratilayotgan o‘rinlar asosida qatnashsa, jahon chempionatida ishtirok etayotgan har bir sportchi kamida o‘z mamlakati chempioni yoki jahon, olimpiya o‘yinlari sovrindori hisoblanadi.

Shu ma’noda, Muzaffarbekning oltin medal ostonasigacha o‘tkazgan har bir kurashi final darajasidagi bellashuv bo‘ldi, deyish mumkin.

Hamyurtimizning kanadalik Kayl Reyesga qarshi bahsi o‘ta murakkab kechdi. Muzaffarbek harbiylar o‘rtasida, uning raqibi esa yoshlar o‘rtasida jahon chempioni hisoblanadi. Har ikki chempionning 35-jahon birinchiligida barcha yetakchi dzyudochilarni mag‘lub etgan tarzda finalda ro‘baro‘ kelishi ham o‘ziga xos voqea bo‘ldi.

Kanadalik sportchi Xalqaro dzyudo federatsiyasi reytingida 31-o‘rinda, To‘raboyev 27-pog‘onada borayotganligiga qaramasdan, iste’dodli sportchimiz imkoniyatni boy berib turgan xolda o‘z shiddatini namoyish qildi va haqli ravishda kanadalik sportchini so‘nggi soniyalarda mag‘lub etdi.

Xalqimizning alp farzandi M.To‘raboyevning jahon chempionatida oltin medalga ega chiqishi terma jamoamiz medallari xazinasini 2 ta oltin medal bilan boyitdi hamda O‘zbekistonning 82 ta davlat orasida 3-o‘ringa ko‘tarilib olishini ta’minladi.

To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA muxbiri