Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim foydalanuvchilar tomonidan maktablar reytingi natijalari haqida turli fikrlar bildirilmoqda.

Ta’lim inspeksiyasi ushbu masala yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:

Reyting Hukumat qarori (345-son, 03.06.2021 y.) bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari reytingini aniqlash tartibi to‘g‘risida”gi nizomga asosan amalga oshiriladi.

Bunda Finlyandiya, AQSH, Janubiy Koreya, Rossiya, Yaponiya, Estoniya, Singapur, Gollandiya kabi davlatlarining ilg‘or tajribasiga muvofiq to‘rtta muhim yo‘nalishda 8 ta indikator bo‘yicha ta’lim sifatiga baho beriladi:

Ø 11-sinf bitiruvchilari tomonidan OTMlarga kirishda to‘plagan o‘rtacha ballari (bunda bitiruvchi OTMga kirgani yoki kirmagani ahamiyatsiz) – 10 ball;

Ø OTMga o‘qishga kirganlar salmog‘i – 10 ball; (Davlat OTM bilan birga O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan xorijiy OTMning filiallari hamda xususiy OTM, dunyoning nufuzli 1000 taligiga kiruvchi OTM xam inobatga olingan)

Ø O‘quvchilarining chet tilini bilish darajasi – 10 ball;

Ø O‘qituvchilarning chet tilini bilish darajasi – 10 ball;

Ø 11-sinf bitiruvchilarining bandligi – 10 ball;

Ø O‘quvchilar o‘rtasida sodir etilgan jinoyatlar ulushi (Bosh prokuratura ma’lumoti asosida) – 10 ball;

Ø Pedagoglarning sifati (salohiyati) – 20 ball (amaldagi malaka toifa sertifikatlari asosida);

Ø Maktablar moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va o‘quv-tarbiyaviy muhitni qo‘llab-quvvatlash uchun tuman (shahar) mahalliy byudjetining orttirilgan mablag‘lari hisobidan qilingan qo‘shimcha xarajatlar hajmi (Moliya vazirligi ma’lumoti asosida) – 10 ball;

Ta’lim muassasasida ma’naviy-ma’rifiy va o‘quv tarbiyaviy muhit (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ilgari surgan besh tashabbus doirasida qilingan ishlar asosida) kabi ko‘rsatkichlar inobatga olinadi – 10 ball (xalqaro va respublika tanlovlarining faqat 1-2-3 o‘rinlari inobatga olingan) ;

Reytingni aniqlash faqatgina Ta’lim inspeksiyasi tomonidan emas, Hukumat qaroriga asosan, tegishliligi bo‘yicha Bosh prokuratura, Moliya vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi va boshqa tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida shakllantiriladi hamda ma’lumotlar nizomga ko‘ra 5 yil arxivda saqlanadi.

Shu bilan birgalikda, Prezident topshirig‘iga ko‘ra maktablar reytingi avvalo hokimlar hamda ularning ta’lim va tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari faoliyatini baholashni ham ko‘zda tutadi.

Ya’ni ushbu jarayon jazolash vositasi sifatida emas, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining rahbarlari va pedagoglarining jamiyatdagi o‘rni va maqomini oshirish, mehnatini munosib qadrlash, faoliyat samaradorligiga qarab moddiy rag‘batlantirish, mahalliy boshqaruv organlarining o‘z hududlarida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan.

Xususan, Prezident farmoni (PF-6108-son, 06.11.2020)ga yeo‘ra, reytingda yuqori o‘rinlarni egallagan maktablarning pedagoglari, direktorlari, xalq ta’limi bo‘limi mudirlari va metodistlari rag‘batlantiriladi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, reyting natijalarini tahlil qilish asosida sog‘lom raqobat muhitni shakllantirish, muassasalarda ta’lim sifatini ko‘tarish, o‘qituvchilarning bilim darajasini va pedagogik mahoratini oshirish, umumta’lim muassasalari faoliyatidagi ochiqlik va shaffoflik darajasini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha barcha imkoniyatlar ishga solinadi.

Ta’lim inspeksiyasi korrupsiya har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda ekanligini hamda bu borada jamoatchilik bilan muntazam hamkorlik qilishga doim tayyorligini ma’lum qiladi.

Shuningdek, fuqarolarimizda inspeksiya xodimlarining korrupsiyaviy harakatlar sodir etgani bo‘yicha fakt va dalillar bo‘lsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishni tavsiya qilamiz.

O‘z navbatida, ijtimoiy tarmoqlarda Ta’lim inspeksiyasi rahbariyati va xodimlariga nisbatan tuhmat, shaxsning qadr-qimmati, kamsitilishi va obro‘sizlantirishiga qaratilgan yolg‘on axborotni tarqatish bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va sudga murojaat qilinishini ham ma’lum qilamiz.

Ta’lim inspeksiyasi maktablar reytingi natijalarini, uni aniqlash bo‘yicha qo‘llanilgan ko‘rsatkichlarni keng jamoatchilik, shu jumladan, jurnalist, blogerlar, ta’lim sohasi mutaxassislari va boshqalar bilan ochiq muhokama qilishga tayyor ekanligini yana bir bor ta’kidlaymiz.

O‘zA