Senat parlament nazorati doirasida hududlarda yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash ishlarini doimiy ravishda o‘rganib bormoqda.

Senat yalpi majlisida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish natijalari muhokama etildi.

Mahallalarda hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari ko‘magida 583,4 ming mehnatga layoqatli kishiga mehnat organlari tomonidan bandlik xizmatlari ko‘rsatilib, ulardan 291,3 ming kishining bandligi ta’minlangan.

“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 23,9 ming nafar ishsiz fuqaroga 58,2 milliard so‘m miqdorida subsidiya ajratilgan. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 23,8 ming va Xorazm viloyatida 46,8 ming nafar fuqaro 70 ta faoliyat yo‘nalishida o‘zini o‘zi band qilgan.

Joriy yil 1 noyabrdan boshlab o‘zini o‘zi band qilishdagi faoliyat turlari yana o‘ntaga ko‘paytirildi. 2023 yildan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun ijtimoiy soliq miqdori kamaytiriladi. Shaxsiy tomorqa yer uchastkasida o‘nga yaqin faoliyat turlari bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarga ham kafolatlangan mehnat stajiga ega bo‘lish imkoniyati beriladi.

Bu imkoniyatlardan mazkur hududlarda ham keng foydalanish zarurligi qayd etildi.

Muhokama jarayonida senatorlar ijobiy ishlar bilan bir qatorda kamchilik va muammolarga ham e’tibor qaratdi.

Qayd etilishicha, xalq deputatlari shahar va tumanlar Kengashlarida yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash ishlari tizimli ravishda har oy natijalari bo‘yicha muhokama qilinmagan.

Respublika vazirlik va idoralari hamda viloyat hokimliklari tomonidan taqdim etilayotgan ma’lumotlar o‘rtasida hamon nomutanosibliklar mavjud. Ish o‘rinlari to‘g‘risidagi hisobotni shakllantirishda takrorlanuvchi raqamlarni olib tashlash, soliq organi va Yagona milliy mehnat tizimi (YAMMT) elektron ma’lumotlari bazasiga muvofiqligini ta’minlash vazifasi bajarilmagan.

Ayrim mahallalarda hokim yordamchilarining ishga muhtoj aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlari talab darajasida emas.

Hunarmandchilikni jadal rivojlantirish uchun yanada qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha berilgan imkoniyatlardan foydalanish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Ushbu yo‘nalishda faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlar ham ish o‘rinlari hisobotlarida ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, faoliyati to‘xtagan hunarmandlarga shogirdlar biriktirilgani ham hisobotlarda aks etmoqda.

Auksion orqali sotilgan yer maydonlarida dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari qoniqarli emas.

Muhokamalar davomida senatorlar tomonidan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash masalalarini mahallabay ishlash tizimi asosida o‘rganish va sessiyalarda tanqidiy muhokama qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

N.Abduraimova, O‘zA