Ertaga – 7 oktyabr kuni Oliy Majlis Senatining o‘ttiz uchinchi yalpi majlisi bo‘lishi kutilmoqda.

Yalpi majlis oldidan Senat qo‘mitalarida ertaga ko‘rib chiqiladigan masalalar dastlabki tarzda ko‘rib chiqilmoqda.

Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Qonun bilan amaldagi bir qator qonun hujjatlariga, xususan, “Garov to‘g‘risida”gi qonun va Fuqarolik kodeksiga mulkiy huquqlarni mustahkamlashga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Garovga qo‘yuvchining garov mol-mulki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilsa, uning mol-mulkka bo‘lgan huquqi qonunda belgilangan asoslarda va tartibda bekor bo‘lsa, garovga qo‘yuvchiga boshqa mol-mulk berilishi yoki tegishli tovon puli to‘lanishi belgilanmoqda.

Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi majlisida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish natijalari hamda iqtisodiyotning ishlab chiqarish sohalarida mahalliylashtirish dasturlarining ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Bu masala Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining majlisida ham ko‘rib chiqildi.

Senatorlar asosiy e’tiborni mahalliylashtirishni amalga oshirish orqali importni qisqartirish, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilishini kengaytirishda ko‘rilayotgan choralar va ularning ijrosiga qaratdi.

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida  “Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Geografik ob’ektlarga (ko‘cha, mahalla, maydon, bog‘ va aholi punktlarining boshqa tarkibiy qismlari) shaxs nomini berilishida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish haqida so‘z yuritildi. Bunda O‘zbekiston va jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini berish tartibi aniqlashtirilishi zarur.

Shuningdek, qo‘mita majlisida “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunning yer qa’ri uchastkalarida oltin izlovchilar usulida qimmatbaho metallarni qazib olishga oid qismining Navoiy viloyatida ijro etilishi holatini o‘rganish yakunlari muhokama qilindi.

O‘rganish jarayonida aniqlangan muammolar fuqarolarimiz hayoti va xavfsizligini ta’minlash uchun o‘ta dolzarb ekanligini inobatga olib, mazkur masalani Senat yalpi majlisi muhokamasiga kiritish uchun qo‘mita tomonidan parlament so‘rovi loyihasini tayyorlash taklifi ilgari surildi.

Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining majlisida “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar muhokama qilindi.

Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda vakolatli idoralarning vazifalari, vositachilarning o‘rni hamda ular ko‘rsatadigan xizmatlar belgilab berilayotgani qayd etildi.

Yangi tahrirdagi “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi qonunda davlat standarti tushunchasi majburiy bajarish ma’nosini anglatgani bois, xorijiy tajribalarga tayangan holda “milliy standart” tushunchasiga o‘zgartirilishi, chunki milliy standartlar ixtiyoriy asosda qo‘llanilishi haqida gap bordi.

Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisida Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq etish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijro etilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ham dastlabki tarzda muhokama qilindi. Amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni yalpi majlisga olib chiqishga kelishib olindi.

N.Abduraimova,  
O‘zA