Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, hozirgi kunda yurtimizda 24 ta ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazi va joylarda ularning 269 ta filiali faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur muassasalar tomonidan 6 mingdan ziyod tibbiy amaliyotlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Shundan 750 dan ortig‘ini viloyat, 150 dan ziyodini tuman darajasida bajarish o‘zlashtirildi.

Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari tomonidan joriy yilning o‘tgan 9 oyida tug‘ma yurak nuqsoni bo‘lgan 2 ming 505 nafar bolada jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Bu 2021 yilga qiyoslaganda 700 dan ortiq ko‘rsatkichdir.

Kichik yoshli bemorlardan 550 nafarida davolash amaliyotlari endovaskulyar yo‘l, ya’ni qon tomirlari orqali bajarildi.  344 nafar eshitish zaifligi va karlik mavjud bolalar koxlear implantatsiya amaliyoti bilan qamrab olindi.

Mamlakatimizda yuqori texnologiyali amaliyotlar natijasida jami 3 ming nafarga yaqin bemorning salomatligi tiklandi. Xususan, respublikamiz bo‘yicha 178 ta buyrak transplantatsiyasi o‘tkazildi, shundan 34 tasi hududlarda bajarildi. 42 turdagi laparoskopik, torakoskopik va endovaskulyar jarrohlik usullari amaliyotga tatbiq etildi.

Yil yakuniga qadar 68 ta buyrak transplantatsiyasi, 2 mingga yaqin bemorlarda yuqori texnologiyali amaliyotlar bajariladi. Tuman darajasida o‘tkazilayotgan jarrohlik operatsiyalari soni 100 taga ko‘paytiriladi. Hududlarda yuqori texnologiyali amaliyotlar ulushi 60 foizga yetkaziladi.

O‘zA