Tadbirkorlik qilish istagi bo‘lgan shaxs ishni avvalo nimalardan boshlashi kerakligini bilishi, sohadagi maxsus bilimlar, tadbirkorlik ko‘nikmalaridan tashqari bank sohasidagi moliyaviy bilimlarning yetarliligiga e’tibor qaratishi muhim. Zero, tijorat banklari hisobidan ajratilgan kreditning to‘g‘ri ishlatilishi tadbirkorga daromad olib kelishdan tashqari biznesini kengaytirishga yo‘l ochadi.

Davlatimiz rahbarining hududlarda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini tadbirkorlikka jalb qilish, xotin-qizlar va yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga doir qarorlariga muvofiq, Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari ijrosini tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etilgan.

Xo‘sh, oilaviy tadbirkorlik qilish uchun kredit olishning qanday shartlari bor? 

Markaziy bank departamenti boshqarma boshlig‘i Turg‘un Hakimovning qayd etishicha, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar yillik 14 foiz stavkada oilaviy tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan aholi hamda tadbirkorlik sub’ektlariga umumiy tartibda asosiy qarz bo‘yicha 3 oydan 6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga ajratiladi.

Mazkur kredit turlari jismoniy shaxslarga o‘zini o‘zi band qilish va tadbirkorlik sub’ektlariga ayrim turdagi faoliyatni tashkil etish uchun tadbirkorning biznes-rejasi, daromadlilik darajasi va kreditlarni qaytarish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda turli xildagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, hunarmandchilik, kosibchilik, umuman olganda, amaldagi qonunchilik bilan taqiqlanmagan kichik ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish borasidagi tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish maqsadlariga ajratiladi.

Qayd etilishicha, joriy yilda imtiyozli kreditlar yillik 14 foiz stavkada aholi hamda tadbirkorlik sub’ektlariga — 3 oydan 6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yilgacha imtiyozli kredit mablag‘lari ajratiladi hamda chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki), baliqchilik va parrandachilik (tuxum yo‘nalishi) uchun — 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga kredit beriladi.

Shuningdek, bog‘dorchilik, uzumchilik va limonchilikni tashkil etish, issiqxona, qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalarni xarid qilish uchun — 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga, “Hunarmand” uyushmasi a’zolariga ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asbob-uskuna, ehtiyot qismlar va xomashyo materiallarini xarid qilish uchun — 3 yilgacha muddatga hamda aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun 18 oygacha muddatga ajratiladi.

Chorvachilikni rivojlantirish yo‘nalishida kreditlar ustuvor ravishda kamida 10 dan 50 boshgacha chetdan keltirilgan naslli chorva mollarini (qoramol, qo‘y, echki) boqish uchun kichik fermalarni tashkil etishga beriladi.

Ayrim turdagi faoliyatlarga (ya’ni: kasanachilik, hunarmandchilik, issiqxona qurish va shu kabilar uchun zaruriy xom ashyo, ehtiyot qism hamda qurilish mollarini sotib olish uchun) 5 million so‘mgacha miqdorida kredit mablag‘lari naqd pulda berilishi mumkin.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yilda yo‘naltiriladigan 10 trillion so‘m mablag‘ning 7 trillion 620 milliard so‘mi avval berilgan kreditlarning qaytarilishi hisobidan ajratiladi.

Hokim yordamchisining tavsiyanomasi bilan tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslarga 33 million so‘mgacha hamda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan kichik tadbirkorlik sub’ektlariga uchinchi shaxs kafilligi, sug‘urta polislari, kredit hisobiga sotib olinayotgan mol-mulklar garovi va boshqa ta’minot turlari asosida 225 million so‘mgacha bo‘lgan miqdorda kredit beriladi.

Shuningdek, 225 million so‘mdan ortiq miqdordagi kreditlar kredit olish istagini bildiruvchi tadbirkorlik sub’ektlariga hokim yordamchisining tavsiyalariga muvofiq tuman (shahar) hamda hududiy Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazlarining asoslantirilgan va natijadorligi aniq hisob-kitob qilingan holdagi qarori asosida beriladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA