O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti (Royal Agriculture University) hamkorligida tashkil etilgan Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetining yangi binosi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ochilish marosimida qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Alisher Shukurov, Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti prorektori, professor Piter Makkafferi, Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti rektori Munira Aminovalar so‘zga chiqib, universitet faoliyati haqida fikr bildirdi. Talabalarni yangi o‘quv yili va yangi bino bilan qutladi.

Shundan so‘ng, qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, professor Alisher To‘rayev, Britaniya kengashining O‘zbekistondagi direktori Denis Uoddingem, Niderlandiya Qishloq xo‘jaligi, tabiat va oziq-ovqat sifati vazirligining loyiha menejeri Yoxem Pleyser va Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti katta ilmiy xodimi, doktor Nil Ravenskroft talabalar uchun taqdimot-ma’ruza o‘tkazdi.

Xalqaro tashkilotlar va mahalliy davlat organlari vakillari, agrokompaniyalar rahbarlari, qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari binoning ilk mehmoni bo‘ldi.

– Universitetimiz tarixidagi bugungiday muhim kunda sizlarni qarshi olishdan mamnunman. Ushbu dargoh yangi bilimlar, dunyoni yaxshi tomonga o‘zgartira oladigan intiluvchan yoshlarning maskaniga aylinishiga ishonchim komil, – deydi Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti rektori Munira Aminova. – Universitetda eng zamonaviy ilm-fanga yo‘naltirilgan turli yo‘nalishlardagi mutaxassislar uchun bilim beramiz. Ishonamizki, talabalar olgan bilimlarini kelgusida amaliyotda qo‘llay oladilar va zamonamizning global muammolari, xususan, iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi, pandemiya oqibatlari va boshqa masalalarni hal qilishga o‘z hissalarini qo‘shadilar.

Oliygoh talabalarga zamonaviy kasblar bo‘yicha xalqaro darajaga ega bo‘lish imkonini beradi. Ular orasida oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha menejer, eksport va import mutaxassisi, qishloq xo‘jaligida kompyuter texnologiyalari muhandisi va boshqalar bor. Universitetdagi o‘quv jarayoni va sharoitlar shunday tuzilganki, talabalar olgan bilimlarini darhol amaliyotda qo‘llashlari mumkin. Buning uchun bo‘lajak ish beruvchilar universitet bilan hamkorlikka taklif etilgan bo‘lib, ular orasida klasterlar, savdo kompaniyalari va hududiy markazlar mavjud.

O‘qish dasturi va o‘quv jarayoniga qo‘yiladigan talablar xorijiy hamkor universitet – Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti tomonidan belgilanadi. U Buyuk Britaniyadagi qariyb 150 yillik tarixga ega eng nufuzli universitetlardan biri hisoblanadi. Toshkentdagi Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti bitiruvchilari o‘qishni tamomlagandan so‘ng Britaniya universiteti diplomiga ega bo‘ladilar.

Universitetda agronomiya, agroiqtisodiyot, agrologistika, biotexnologiya, aqlli qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va oziq-ovqat xavfsizligi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv dasturlari joriy etilgan.

Ochilish marosimi doirasida “BEK CORP” klaster korxonasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. U ishlab chiqarish korxonasi va oliygoh o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, talabalarning amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishi uchun shart-sharoit yaratish imkonini taqdim etadi.

Yangi qishloq xo‘jaligi universitetini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini amalga oshirish doirasida agrar soha uchun zamonaviy talab va standartlarga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlashdan iborat.

Bu borada yetakchi xorijiy universitetlar bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish ham ko‘zda tutilgan.

D.Mamatova,  
O‘zA muxbiri