Saytimizda “Institut rektori Orol mintaqasini daraxtzorga aylantirishda tashabbus ko‘rsatmoqda” axboroti yoritilgan edi. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti va mazkur institutning Nukus hamda Farg‘ona mintaqaviy filiali tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bu hayrli ishga qo‘qonlik saxovatli, qo‘li ochiq insonlar ham qo‘shildi.
Yaqinda bir guruh ana shunday tanti insonlarning tashabbusi bilan 15 million so‘mlik mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari Qo‘qondan Nukusga jo‘natildi. Nukusda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Nukus filiali mutasaddilari 3 gektar yerni ekishga tayyorlab qo‘ygan.
— Biz Mo‘ynoqqa ham borib, turli mevali va manzarali ko‘chatlarni ekib, tajriba o‘tkazmoqchimiz. U yerga tashrif buyurayotgan ichki va tashqi turistlar ekilgan ko‘chatlarga suv quyib, so‘ng sayohatni davom ettiradilar.
Aslida saxovatpesha insonlarning beminnat xizmatlarini inobatga olgan holda homiy tadbirkorlar uchun maxsus ko‘krak nishoni ta’sis etilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi”, deydi filologiya fanlari nomzodi, dotsent Rashid Shukurov.
O‘zA