Hozirgi kunda O‘zbekistonda milliy turizm modeli rivojlanish bosqichida bo‘lib, unda o‘zbek xalqining mentaliteti – sharqona mehmondo‘stlik va jahonning old turistik xizmat standartlari bilan uyg‘unlashuviga erishish davlatimizning asosiy maqsadidan biri hisoblanadi.

Turistik mahsulotni shakllantirish, targ‘ib etish va realizatsiya qilish faoliyatini litsenziya asosida amalga oshirish belgilangan. Xususan, turoperatorlar va turagentlar – sayyohlik agentliklari license.gov.uz tizimi orqali tegishli hujjatlarni taqdim etgan va to‘lov qilgan holda mazkur ruxsat berish tartib-taomili, majburiyatlarini qabul qiladi va muddatsiz litsenziyaga ega bo‘ladi.

Bunda ekskursiya xizmatlari ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan jismoniy shaxslarga turistik faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziya olish talab qilinmaydi.

Ekskursiya faoliyati oldindan tuzilgan yo‘nalishlar bo‘yicha 1 sutkadan oshmaydigan va tunab qolishga doir xizmatlar ko‘rsatishni nazarda tutmaydigan, madaniy meros ob’ektlari, diqqatga sazovor joylar bilan tanishtirish maqsadida ekskursiya yetakchisi hamrohligida ekskursiyalar tashkil etishga doir turistik faoliyat hisoblanadi.

Ya’ni, yuridik shaxs sifatida turagentlik faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olish talab qilinar edi. Bu esa o‘z navbatida faqatgina turistik mahsulotni targ‘ib etish va realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga ortiqcha talab hisoblanardi va sohada faoliyat yurituvchi tadbirkorlarning soni oshishiga ta’sir qilar edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida ichki va tashqi turizm salohiyatini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan 2022 yil 19 sentyabrda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida turagentlarga litsenziya talabini bekor qilib, xabardor qilish tartibiga o‘tkazish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish vazifasi qo‘yildi. Bunda «Turizm to‘g‘risida»gi qonun va Vazir mahkamasining 2020 yil 10 iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan «Turoperator va turagentlik xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida»gi nizomga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi lozim bo‘ladi.

Bu orqali yuridik shaxs shaklidagi qo‘shimcha 1 mingta turagent paydo bo‘lishiga imkoniyat yaratiladi. Turoperatorlar va turagentlar faoliyatini amalga oshirishda litsenziya berishning asosiy talablari va shartlaridan biri «Chiqish turizmi» yo‘nalishi bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya talabgorlariga 15 ming AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilish talabi yangi o‘rnatiladigan tartibda faoliyatning asosiy talabi sifatida saqlanishi lozim.

Turoperatorlar va turagentlarning asosiy farqi shundaki, turistik operator mahsulotning «yaratuvchisi» hisoblanadi, turagent esa bunday mahsulotdan faqat turistik operator xizmatlarini qayta sotish orqali foydalanadi. Turagentlar faqat faoliyat doirasi cheklangan vositachilardir. Qisqacha aytganda, sayyohlik agentligi turoperatorning talablariga muvofiq viza, tibbiy sug‘urta, chiptalar va kerakli hujjatlarni to‘plash bilan shug‘ullanadi.

O‘zbekistonda xalqaro turizmni rivojlantirish, turistik salohiyatdan oqilona foydalanish mamlakat tashqi iqtisodiy faoliyatining rivojlanishiga, valyuta tushumining o‘sishiga, eksport tarkibining takomillashishi va xilma-xilligi oshishiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Mazkur tadbirda 2023 yilda turizm eksportini kamida $2 mlrd.ga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.

Xususan, Turizm vazirligi va viloyat hokimlari oldiga yangi imkoniyatlardan foydalanib, kelgusi yilda kamida 7 mln. xorijiy va 12 mln. ichki turistlarni jalb qilish vazifasi qo‘yildi. Ushbu ko‘rsatkichlarga erishish uchun esa mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan turoperator va turagentlarning sonini oshirish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

 

Dilafruz YUSUPOVA,

Adliya vazirligi huzuridagi

Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mas’ul xodimi