Qilichbozlarimizga avtomobillar berildi

Joriy yilning 22-fevral – 5-mart kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida qilichbozlik bo‘yicha kadetlar va o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘tkazildi. Unda kadetlarimiz sablya yo‘nalishida kumush va bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarini davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar, sport muxlislari kutib oldi.

O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri Sh.Isroilov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi U.Ahmadjonov va boshqalar mamlakatimizda iste’dodli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga qaratilayotgan e’tibor sportchilarimizning xalqaro maydonlarda erishayotgan yutuqlarida yaqqol namoyon bo‘layotganini ta’kidladi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda ikki mingga yaqin sportchi qilichbozlik bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Qilichbozlik bo‘yicha 2015-yil poytaxtimizda kadetlar va o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionati o‘tkazildi. Jahon chempionatiga mezbonlik qilish uchun qator davlatlar da’vogarlik qilgan edi. Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi O‘zbekistonda sport, jumladan, Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan qilichbozlikni rivojlantirishga doimiy e’tibor qaratilayotgani, mamlakatimizning nufuzli sport anjumanlarini yuqori saviyada o‘tkazish borasidagi boy tajribasi hamda zamonaviy sport infratuzilmasi mavjudligini inobatga olib, mazkur chempionatga mezbonlikni Toshkent shahriga topshirdi.

11.JPG

O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi tomonidan chempionatni yuqori saviyada o‘tkazish, musobaqa tashkil etiladigan sport majmualarining xalqaro standartlarga mos kelishini ta’minlash bo‘yicha izchil ishlar olib borildi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 9-martdagi O‘zbekiston sportchilarini 2020-yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlashga oid qaroriga muvofiq O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi joylarda yoshlarning ushbu sport turi bilan shug‘ullanishi uchun shart-sharoit yaratish, sportchi va murabbiylarning mahoratini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Navoiy, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand, Xorazm, Namangan va Toshkent viloyatlarida hududiy federatsiyalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Olimpiya zaxiralari kollejlari va sport maktablarida qilichbozlik bo‘limlari tashkil etilgan. Sportchilarning zamonaviy me’yorlar asosida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishi, xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishi va munosib ishtirok etishi uchun qulay imkoniyatlar yaratilmoqda.

Qilichbozlik sportini aholi o‘rtasida yanada ommalashtirish maqsadida Toshkent shahridagi “Umid” tennis akademiyasining sport zalida mazkur sport turining shpaga yo‘nalishida mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun jahon standartlariga to‘g‘ri keladigan sharoit yaratildi. “Yoshlik” sport majmuasida qilichbozlikning sablya yo‘nalishida shug‘ullanish uchun 700 kvadrat metr bo‘lgan zal foydalanishga topshirildi.

Estoniyalik murabbiy Igor Chikinyov mamlakatimiz terma jamoasiga jalb etildi.

– O‘zbekistonda qilichbozlik bilan shug‘ullanish uchun juda yaxshi sharoitlar yaratilgan, – dedi murabbiy Igor Chikinyov. – Bunday sharoit ko‘plab davlatlarda yo‘q. Men so‘nggi besh yil ichida Estoniyada ishladim. O‘z vaqtida Shvetsiya, Estoniya terma jamoalarida faoliyat olib borganman. U yerdagi tizimlarning barchasi bir-biridan farq qiladi. Shunisi aniqki, o‘zbekistonlik yoshlarda iqtidor va salohiyat bor.

2017-yilning dekabr oyida Prezidentimiz yosh sportchilarni erishayotgan yuqori natijalari bilan qutlab, qilichbozlik bo‘yicha xalqaro turnirlar sovrindori Zaynab Dayibekovaga “Nexia” avtomobilini sovg‘a qildi.

Osiyo chempionati sablya yo‘nalishidagi jamoaviy bahslarda qatnashgan kadetlarimiz chorak finalda Iordaniya terma jamoasini 45:23, yarim finalda quvaytlik tengdoshlarini 45:44 hisobida mag‘lub etib, Osiyo chempionatining kumush medaliga sazovor bo‘ldi.

Chempionatda terma jamoamiz tarkibida Chirchiq olimpiya zaxiralari kolleji tarbiyalanuvchisi Jaloliddin Dushamboyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi agro va suv xo‘jaligi kolleji o‘quvchisi Sherzod Mamutov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi 2-ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Pazil Genjebayev, Toshkent shahridagi 34-maktab o‘quvchisi Bobir Rasulov ishtirok etdi.

Qizlar o‘rtasidagi sablya yo‘nalishida hamyurtlarimiz chorak finalda Yaponiya terma jamoasini 45:43 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, Osiyo chempionatining bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Chempionatda terma jamoamiz sharafini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Nukus olimpiya zaxiralari kolleji o‘quvchisi Zaynab Dayibekova, Toshkent shahri rassomchilik kolleji o‘quvchisi Sevinch Ismoilova, Toshkent shahri 300-maktab o‘quvchisi Shahnoza Tog‘aymurodova, Chirchiq olimpiya zaxiralari kolleji o‘quvchisi Sevila Xudoyberganova himoya qildi.

– Musobaqada shohsupaga ko‘tarilganimizdan behad shodmiz. Kelgusida Osiyo chempionatining oltin medalini qo‘lga kiritishga harakat qilamiz, – dedi Zaynab Dayibekova. – Chempionat davomida xalqimizning bizga bo‘lgan ishonchini doimo his etib turdik.

Qit’a chempionatida yuqori natijalarga erishgan sportchilarimiz va ularning murabbiylariga qilichbozlik federatsiyasi tomonidan yengil avtomobillar topshirildi.

O‘zbekiston qilichbozlarining Osiyo chempionatida erishgan yuksak natijalari mamlakatimizda sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, iste’dod egalarini mahoratli sportchilar etib tarbiyalash tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganidan dalolatdir.

Qilichbozlarimizning nufuzli musobaqalarda munosib ishtirok etishi va g‘alabaga erishishida M.Fedorovich nomidagi tibbiyot klinikasi, “Eriell” va “UZDIGITAL-TV” kompaniyalari hamda Olmaliq tog‘-metalurgiya kombinati yaqindan ko‘mak berayotir.

 

Javohir Toshxo‘jayev, Muhammad Amin (surat), O‘zA