O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy 14 sentyabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.
Oliy martabali mehmonni Samarqand xalqaro aeroportida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Eron Islom Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar barcha sohalarda rivojlanmoqda. Ikki davlat rahbarlarining samimiy munosabati va hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratishi bunga asos bo‘lmoqda.
Prezidentlarning Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining 2021 yil 16-17 sentyabr kunlari Dushanbe shahrida va Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining 2021 yil 28 noyabr kuni Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan sammitlari doirasidagi uchrashuvlarida aloqalarni har tomonlama rivojlantirishga kelishib olindi. Hozirda barcha sohalarda sheriklikni kengaytirishga qaratilgan “yo‘l xarita”lari tayyorlanmoqda.
2022 yil 20-21 fevral kunlari Tehron shahrida Eron Islom Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning o‘n to‘rtinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda mamlakatimizdan oltmish kishilik yuqori darajali delegatsiya ishtirok etdi. Bu ikki davlat munosabati tarixida Eronga tashrif buyurgan eng yirik O‘zbekiston delegatsiyasi bo‘ldi.
Samarqand shahridagi Kongress markazida Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiyni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ikki mamlakat davlat bayroqlari bilan bezatilgan maydonda Eron Prezidenti sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni kutib oldi.
Ikki mamlakat yetakchilari shohsupaga ko‘tarildilar. O‘zbekiston va Eron davlat madhiyalari yangradi.
Prezidentlar faxriy qorovul oldidan o‘tib, harbiy xizmatchilarni qutladilar. Marosimda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari a’zolari qatnashdi.
Shundan so‘ng Kongress markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiyning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari Eron Prezidentining ushbu tashrifini tarixiy deya baholadi hamda mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi bilan qutladi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston – Eron munosabatlari yangi sur’at bilan rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi.
Muzokaralarda Prezidentlar ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Savdo va transport sohalaridagi sheriklikka, mamlakatlar hududi o‘rtasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar keyingi yillarda o‘zaro muloqot va almashinuvlar faollashganini qayd etdilar. Savdo ko‘rsatkichlari va kooperatsiya loyihalari soni oshib bormoqda. O‘tgan yilda tovar ayirboshlash 73 foizga, shu yil boshidan esa yana 15 foizga oshdi.
Joriy yilda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi, biznes va fan-innovatsiya forumlari o‘tkazildi, Qo‘shma investitsiya qo‘mitasi ta’sis etildi.
Ikki tomonlama savdoni yanada ko‘paytirish, yaqin istiqbolda tovar ayirboshlashni 1 milliard dollarga yetkazish uchun keng imkoniyatlar borligi qayd etildi.
Shu maqsadda tegishli “yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi. Bundan tashqari, imtiyozli savdo to‘g‘risida bitim imzolash ko‘zda tutilgan.
Qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, neft-gaz, qurilish materiallari va metall mahsulotlar ishlab chiqarish tarmoqlarida, fan va innovatsiyalar sohasida boshlangan hamda ishlab chiqilayotgan kooperatsiya loyihalari haqida to‘xtalib o‘tildi. Qo‘shma sanoat klasterlarini yaratish orqali ishlab chiqarishni mahalliylashtirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Transport-logistika sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron” yo‘li orqali avtotransportda yuk tashishni yo‘lga qo‘yish, “Chobahor” porti salohiyatidan samarali foydalanish, yuklar olib kirilishi va tranziti sharoitlarini yengillashtirish bu boradagi imkoniyatlarning kengayishiga xizmat qilishi aytib o‘tildi.
Ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi iqtisodiy, turizm va madaniy aloqalarni faollashtirish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, Afg‘oniston mavzusi yuzasidan ham fikr almashildi.
Ibrohim Raisiy O‘zbekiston Prezidentini o‘zi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan Eronga borishga taklif etdi.
Oliy darajadagi O‘zbekiston – Eron muzokaralari samarali va amaliy ruhda o‘tdi. Uchrashuv yakunida hamkorlikning turli sohalarini qamrab olgan 18 ta hujjat imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy Qo‘shma bayonot imzoladilar. Unda asosiy kelishuvlar qayd etilgan hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish borasidagi uzoq muddatli vazifalar belgilangan.
Muzokaralar yakunida ikki tomonlama bitim va memorandumlar imzolandi. Bular:
– ishbilarmonlik va ilmiy doiralar vakillari hamda sayyohlik guruhlari uchun viza tartibotlarini soddalashtirish to‘g‘risida bitim;
– diplomatik pasportlar egalarini viza talablaridan ikki tomonlama ozod etish to‘g‘risida bitim;
– 2022-2025 yillarda turizm sohasidagi hamkorlik dasturi;
– fan, texnika va innovatsiya sohalarida o‘zaro anglashuv to‘g‘risida memorandum;
– bojxona chegarasi orqali tovarlar va transport vositalarining harakati to‘g‘risida elektron bojxona axborotini almashish to‘g‘risida memorandum;
– E-TIRga oid elektron axborotni almashish to‘g‘risida memorandum;
– fan, tadqiqotlar, ta’lim va texnologiyalar sohalarida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
– qishloq xo‘jaligi vazirliklari o‘rtasidagi bitim;
– sog‘liqni saqlash, davolash, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ta’lim, farmatsevtika va tibbiy uskunalar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
– sport sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
– neft, gaz va neft-kimyo tarmoqlaridagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
– “Chobahor” porti orqali xalqaro yuk tashishlar va tranzitni amalga oshirish to‘g‘risida memorandum;
– 2022-2024 yillarda tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik dasturi;
– bandlik va mehnat munosabatlari masalalari bo‘yicha memorandum.
Shuningdek, Abu Rayhon Beruniy nomidagi O‘zbekiston Sharqshunoslik instituti hamda Eron Arxiv tashkiloti va Milliy kutubxonasi o‘rtasida, ikki mamlakatning Ibn Sino fondlari o‘rtasida hujjatlar imzolandi.
Ibrohim Raisiy 15-16 sentyabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashinining majlisi va boshqa tadbirlarda ishtirok etadi.
Z.JONIBEKOV, G‘.HASANOV, O‘zA maxsus muxbirlari