Tan olish kerak, “Ona tabiatni muhofaza qilish va uni asrab-avaylash har birimizning burchimiz” deya takror va takror aytamiz-u ,lekin ko`z oldimizda bo`layotgan voqea-hodisalarga befarqlik bilan qaraymiz. Jumaldan, ba`zi qishloq va hududlarda istiqomat qiluvchi aholilar yo`q bo`lib ketish arafasidagi va biz saqlab qolish uchun harakat etayotgan o`simliklardan turli maqsadlarda foydalanib kelayotganliklari esa ayni haqiqat.

Misol qilib, bugungi kunda ekologik jihatdan og`ir ahvolga yuz tutayotgan Qoraqalpog`iston hududidagi “Qizil kitob” dan joy olgan ba`zibir o`simliklar, jumladan, saksovul o`simligi daromad topish va o`tin sifatida ishlatishning eng qulay va samarali usuliga aylanib ulgurgan. Agar e`tibor beradigan bo`lsak, bunday holatlar ayniqsa,  To`rtkul, Beruniy va Ellikqal`a tumanlarida ko`p uchramoqda. Buning sababini ular har xil izohlashadi.  Mening o`zim o`sha yerda istiqomat qiluvchilarga murojaat qilganimda ular saksovulni  yoqqan payti tez va uzoq yonishini aytishdi. Yana, undan biznes qilayotgan odamlar borligini eshitib hayron qolasan kishi.  Mayli, qari va qurib qolgan saksovuldan o`tin sifatida foydalanish mumkindir, biroq, bizni muhofaza qilayotgan ona tabiatdan foyda olishga harakat qilish bu kechirib bo`lmas gunoh.

Ma`lumki, saksovul faqat cho`l hududlarida o`suvchi yirik buta bo`lib, u urug`ini sochish yoki ko`chatini ekish orqali ko`paytiriladi. Uning asosiy foydasi qum ko`chishini oldini oladi, bundan tashqari qumlarni mustahkamlaydi, boshqa o`simliklarni saqlab qolishda yordam beradi va tuproqni eroziyadan saqlashda muhim o`rin tutadi. Olimlarning aniqlashicha, har bir tup saksovul 3 tonnali tuzli qum ko`chishini oldini olar ekan. Shu tufayli bugungi kunda  Orol va Orolbo`yi hududlarni ko`kalamzorlashtirish va ekologiyani yaxshilash uchun  minglab gektar hududlarga saksovul va cherkez singari o`simliklarni ko`paytirish borasida sayi-harakatlar olib borilmoqda. Ammo,  hududlarda zararli tuzlarni havoga ko`tarilishini oldini olayotgan saksovullarni asrab qolish uchun chora-tadbirlar yaxshi yo`lga qo`yilmagan. Bilamizki,  biz joylashgan mintaqamizning asosiy qismi cho`llardan iborat bo`lganligi tufayli, ko`pgina o`simliklar uchun tabiatimiz iqlimi mos kelmaydi. Afsuslar bo`lsinki, bor tabiiy boyligimizni ham shu tariqa  o`z qo`limiz bilan yo`q qilyapmiz.

Bu muammoni oldini olish uchun hududlardagi ekologiya va tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari  mahalliy aholi bilan ko`proq tushuntirish ishlari olib borsa va zarur chora-tadbirlar ko`rsa maqsadga muvofiq ish bo`lgan bo`lar edi.

 

 

QDU 2-jurnalistika

Sobirboyeva Mavjuda