Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari

O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha 2017–2021 yillar davomida «Harakatlar strategiyasi» doirasida mamlakatimizda izchil amalga oshirilgan islohotlar o‘z samarasini ko‘rsatib, erishilgan natijalar «2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi»ga mustahkam poydevor bo‘ldi. Qolaversa, amalga oshirilayotgan ichki va tashqi siyosatdagi ijobiy o‘zgarishlar O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini ham ortishiga xizmat qilmoqda.

Ta’kidlash joizki, «Harakatlar strategiyasi» doirasida tashqi siyosat yo‘nalishida amalga oshirilgan islohotlar, ayniqsa O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari bilan ahil qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash hamda yetakchi xorijiy davlatlar bilan aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha sa’y-harakatlari, shuningdek mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida milliy manfaatlarga asoslangan tashabbuslarni ilgari surilishi va ularning xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi natijasida O‘zbekistonning xalqaro maydonda obro‘si ortishi bilan birga, mintaqamiz ulkan imkoniyatlarga ega hamkorlik makoniga aylandi.

bugungi kunda jahonda, xususan mintaqamizda kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar, koronavirus pandemiyasi va global iqtisodiy inqirozga qaramasdan, O‘zbekiston mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlab, xalqaro munosabatlarning teng huquqli sub’ekti sifatida tashqi siyosiy faoliyat sohasida o‘zining asosiy prinsiplari, strategik maqsad va vazifalariga sobit qolmoqda.

So‘nggi yillarda takomillashayotgan tashqi siyosatga oid milliy qonunchilik (O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi va boshqalar ) hamda  O‘zbekiston hukumati tomonidan belgilangan qat’iy siyosiy pozitsiyaga muvofiq, ya’ni boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, chegaralarning daxlsizligi, kuch ishlatmaslik, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish qoidalariga amal qilish, shuningdek hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik, boshqa davlatlarning harbiy bazalari va ob’ektlarini mamlakat hududida joylashishiga va harbiy xizmatchilarimizning xorijdagi tinchlik o‘rnatish bilan bog‘liq operatsiyalar va harbiy mojarolarda ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymaslik kabi tamoyillarga asosan, O‘zbekistonning tashqi siyosati batamom yangi mazmun-mohiyatga ega bo‘ldi.

Ma’lumki, joriy yilning 28 yanvarida qubul qilingan 100 ta maqsad va 7 ta ustuvor yo‘nalishdan iborat «2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistoning taraqqiyot strategiyasi» hamda mazkur Strategiyani «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturida «ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish»ga oid bir qator strategik maqsadlar va vazifalar belgilangan.

Xususan, Taraqqiyot strategiyasida (93-100 maqsadlar):

  • O‘zbekistonning xalqaro munosabatlardagi teng huquqli sub’ekt sifatidagi rolini oshirish;
  • Markaziy Osiyoda xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, suv, energetika, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi yaqin hamkorlikni sifat jihatidan yuqori bosqichga olib chiqish;
  • An’anaviy hamkorlarimiz bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish, tashqi aloqalar geografiyasini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratib, iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish;
  • O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) organlari va institutlari, global va mintaqaviy iqtisodiy, moliyaviy va gumanitar tashkilotlardagi faoliyatini kuchaytirish;
  • Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish va Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi bilan integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish;
  • Jahon hamjamiyatida mamlakatimiz imidjini oshirishga qaratilgan axborotlar yetkazish samaradorligini oshirish;
  • Tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning normativ-huquqiy bazasini hamda xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini takomillashtirish;
  • O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan O‘zbekistonning chet ellardagi fuqarolariga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish kabi aniq va muhim strategik maqsadlar o‘z aksini topgan.

Shuningdek, Taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirishga oid Davlat dasturining ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish yo‘nalishi bo‘yicha ham qator dolzarb vazifalar belgilangan.

Jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari, an’anaviy hamkor va yetakchi mamlakatlar, shuningdek nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan aloqalarni yanada rivojlantirish, ular bilan muvozanatli va doimiy muloqot olib borish orqali mamlakat milliy manfaatlarini faol ilgari surish  nazarda tutilgan.

Qolaversa, O‘zbekiston tashqi siyosatining bosh ustuvor yo‘nalishi bo‘lmish Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stona, ahil qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada jadallashtirish maqsadida oliy darajadagi muloqot va ikki tomonlama hamkorlikning barcha formatdagi mexanizmlaridan samarali foydalanish ko‘zda tutilgan. Bu borada Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini har yili muntazam tashkil qilishni ta’minlash va ularda faol ishtirok etish hamda Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha vazifalar muhim ahamiyatga ega.

Bundan tashqari, aniq chora-tadbirlar qatorida chegaraoldi erkin savdo hududlarini tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda «Xitoy – Qirg‘izston – O‘zbekiston» temir yo‘llari loyihalarini jadallashtirish, qo‘shni davlatlar bilan Orol dengizi qurishi salbiy oqibatlarini bartaraf etish yo‘lida hamkorlikni jadallashtirish ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan ko‘p qirrali munosabatlarini rivojlantirish va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish, MDH mamlakatlari bilan an’anaviy strategik hamkorlikni jadallashtirish, shuningdek turli mintaqasidagi strategik sheriklar va hamkorlar bilan har tomonlama hamkorlik aloqalarini kengaytirish, BMT va uning muassasalari bilan turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekiston tashqi siyosatda iqtisodiy diplomatiya samaradorligini oshirish, jumladan, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish hamda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bozoriga samarali kirish singari ustuvor vazifalar belgilangan.

Ayniqsa, Taraqqiyot strategiyasining 7-ustuvor yo‘nalishining
95-maqsadida nazarda tutilgan tashqi aloqalar geografiyasini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratib, iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish va samaradorligini oshirish maqsadida Osiyo-Tinch okeani, Amerika, Janubiy Osiyo, Yaqin, O‘rta Sharq va Afrika mintaqasidagi hamkorlar bilan mavjud aloqalarni yanada kengaytirish hamda mazkur mintaqalardagi mamlakatlarining istiqbolli bozorlariga eksport hajmi va nomenklaturasini oshirish, ular bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro hamkorlikni jadallashtirish ko‘zda tutilgan. Shuni inobatga olgan holda O‘zbekistonning tashqi aloqalar geografiyasini kengaytirishda mavjud va istiqbolli hamkorlar bilan iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlikning huquqiy asoslarini takomillashtirish, kichik va o‘rta biznes va xususiy tadbirkorlik korxonalari o‘rtasida bevosita iqtisodiy munosabatlarni o‘rnatish, shuningdek, ularning geografik joylashuvi, mavjud transport-logistik imkoniyatlari, u yoki bu sohalarda o‘zaro to‘ldiruvchanlik xususiyatlarini inobatga olgan holda hamda mamlakatlararo yondashuv tamoyillariga asoslanib ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish muhim ahamiyatga ega.

E’tiborlisi, mamlakatimiz yil boshidan buyon 3 ta xorijiy davlatlar bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatdi. Xususan, Antigua va Barbuda O‘zbekiston bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan 141-davlat bo‘ldi. Mazkur davlat Karib dengizining g‘arbiy qismida joylashgan, BMT, Britaniya Hamdo‘stligi, shuningdek, Amerika davlatlari tashkiloti a’zosi hisoblanadi.

Qolaversa, joriy yilda O‘zbekistonning uchta nufuzli xalqaro tashkilot – Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkilotlarida raislik qilishi, shuningdek mamlakatimizda va xorijda hamkor davlatlar rahbarlari ishtirokida oliy darajadagi samarali uchrashuvlarning muntazamligi O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyati va ko‘p tomonlama diplomatiyasida yangi sahifa ochmoqda.

Shu bilan birga, hozirda jahon miqyosida kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar, koronavirus pandemiyasi, global iqtisodiy inqiroz, ta’sir doirasi va tabiiy resurslar uchun tobora avj olayotgan mintaqalardagi geosiyosiy raqobat va mafkuraviy kurash sharoitida O‘zbekistonda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash hamda xalqaro maydonda o‘zaro manfaatli, ochiq va pragmatik tashqi siyosatni izchil olib borish, milliy manfaatlarni faol ilgari surish dolzarb ahamiyat kasb etadi. O‘z navbatida, «2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi»da belgilangan ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat yo‘nalishidagi ustuvor vazifalarni samarali amalga oshirish va strategik maqsadlarga erishish, xususan, tashqi aloqalar geografiyasini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratib, iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish alohida e’tiborga molikdir.

Farrux Xakimov,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

bo‘lim boshlig‘i