Toshkent shahridagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tmoqda.

–Xabaringiz bor, biz mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratdik. Mahallalarda 9,5 ming yoshlar yetakchilari o‘z faoliyatini boshladi. Hozirga qadar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 700 mingdan ortiq yigit-qizlarning muammolarini hal etishga 650 milliard so‘m yo‘naltirildi.

Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va bandligini ta’minlash ustuvor yo‘nalishga aylandi. So‘nggi ikki yilda 174 ming nafar yoshning tadbirkorlik loyihalari uchun 4 trillion 400 milliard so‘m imtiyozli kreditlar yo‘naltirildi.

Dehqonchilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan 560 ming tengdoshingizga joriy yilda 155 ming gektar yer maydoni ajratilib, 800 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Shuningdek, yoshlarni ishga olgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliq summasini qaytarish tartibi joriy etildi va bu imkoniyatdan 715 ming nafar yoshlar ishlayotgan 7,5 ming korxona foydalandi.

O‘zA