O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov O‘mon Sultonligining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmad al-Qasiriyni qabul qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qilgan.

Uchrashuvda turli sohalardagi ikki tomonlama munosabatning bugungi holati, aloqalarni yanada rivojlantirish istiqboli muhokama qilindi.

https://cdn3.mfa.uz/2022/06/16/08/30/photo_2022-06-16_13-27-50%20(2)_v90b88IqGi_low.jpg

O‘zbekiston – O‘mon diplomatik muloqotini, jumladan, siyosiy maslahatlashuv, parlamentlararo aloqani rivojlantirish, delegatsiyalar o‘zaro tashriflarini tashkil etish orqali yo‘lga qo‘yishga tayyorlik bildirildi.

BMT, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro institutlar doirasidagi sheriklikka alohida e’tibor qaratildi.

https://cdn3.mfa.uz/2022/06/16/08/30/photo_2022-06-16_13-27-51_UVqtt1lVrT_low.jpg

Elchi O‘mon hukumati Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni, o‘zgarishlar dasturini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi, belgilangan vazifalar samarali amalga oshirilishini ta’minlashda zarur ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini alohida ta’kidladi.

Savdo-iqtisodiy munosabatni faollashtirish, jumladan, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, O‘mon investitsiyasini jalb etish, qo‘shma loyihalarni ilgari surish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi e’tirof etildi.

Tomonlar madaniy-gumanitar, ilmiy-tadqiqot va ta’lim sohasidagi almashinuvni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanliklarini izhor qilishdi.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

O‘zA