O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Birlashgan Arab Amirliklari hukumat ishlari vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gergaviy bilan uchrashdi.

Muzokara chog‘ida BAA hukumati bilan birgalikda 2019 yil aprel oyidan buyon ruyobga chiqarilayotgan davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish dasturini hayotga joriy etish doirasidagi hamkorlik natijasi muhokama qilindi.

So‘nggi 3 yil ichida dastur doirasida 142 seminar o‘tkazilgani, 25 xil yo‘nalishda 175 g‘oya, jumladan, “Hukumat akseleratori”, “Bir million dasturchi”, “Yosh rahbarlar” loyihalari hamda mamlakat iqtisodiy va ijtimoiy hayotining turli sohalarini qamrab olgan boshqa muhim tashabbuslar ilgari surilgani ta’kidlandi.

Tomonlar aniq loyiha va tashabbuslar amalga oshirilishini batafsil ko‘rib chiqdi, sheriklikning samaradorligi va amaliy ahamiyati qayd etildi. Davlat boshqaruvi, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarning yangi yo‘nalishlarini qamrab olishni nazarda tutgan holda hamkorlikni davom ettirish va kengaytirishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va BAA o‘rtasida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish sohasidagi hamkorlik muddatini keyingi uch yilga uzaytirish to‘g‘risida Bitim imzolandi.

Yangilangan dastur konsepsiyasi moliya, ta’lim, iqtisodiyot, davlat boshqaruvi, oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xo‘jaligi, bojxona va logistika sohalarida BAA ko‘magida yangi o‘quv dasturlari, malaka oshirish tadbirlari tashkil etilishini nazarda tutadi.

O‘zA