Prezident raisligida sportni ommalashtirish, sport ta’limini yaxshilash va iqtidorli sportchilarni tayyorlash bo‘yicha yig‘ilish boshlandi.

Sport maktablari bilan olimpiya zaxiralari kollejlari va oliy sport mahorati maktablari o‘rtasida seleksiya borasida uzviy “zanjir” yo‘lga qo‘yilmagani qayd etildi.

Misol uchun, respublikadagi 279 ta bolalar va o‘smirlar sport maktabining 190 tasida 36 ta olimpiya sport turidan bor-yo‘g‘i 10 tasi o‘rgatiladi.

Oqibatda xalqaro musobaqalarda qatnashish uchun davlat barcha tashkiliy va moliyaviy sharoitlarni yaratib berayotganiga qaramasdan, Osiyo va jahon olimpiya sporti bo‘yicha chempionatlarida 5-6 nafardan sovrindor chiqmoqda, xolos.

6 ta oliy sport mahorati maktabi, 32 ta olimpiya sport federatsiyasi olimpiya zaxiralari kollejlari bilan ishlashni o‘z holiga tashlab qo‘ygan.

Kollejlardagi 9 mingga yaqin sportchining 21 foizi milliy terma jamoaga kira olgan, xolos.

–Vaholanki, milliy terma jamoa tarkibini aynan shu kollejlardan chiqqan sportchilar tashkil etishi kerak emasmi? Bu masala qaysi viloyat hokimini qiynayapti? Birorta viloyat, tuman yoki shahar hokimi sportning barcha turlari bo‘yicha tizimli ishlashni yo‘lga qo‘ya olgani yo‘q, – dedi Prezident.

O‘zA