Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Har bir millat libosi go‘zallik timsoli” shiori ostida ko‘rik-tanlov bo‘lib o‘tdi.

2-bosqich talaba-qizlari orasida tashkil etilgan ushbu ko‘rik-tanlov 2 shart bo‘yicha o‘tkazildi. Ishtirokchilar qoraqalpoq, o‘zbek, turk, rus, ukrain, hind, koreys singari turli millat vakillarining obrazlarini sahnaga olib chiqdi.

Jumladan, 1-shartda milliy liboslar ko‘rgazmasi doirasida podium tashkil etildi, har bir ishtirokchi o‘zining obrazi bo‘yicha hakamlar hay’ati a’zolariga qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etdi. 2-shart davomida ishtirokchilar o‘zlari tanlagan millat vakili sifatida o‘sha millatga xos bo‘lgan urf-odat va an’analarni o‘zida namoyon etgan milliy chiqishlar, sho‘x raqslar, kuy-ko‘shiqlar ijro etildi. Shuningdek, ular tomonidan tayyorlangan videoroliklar namoyish etildi.

Ko‘rik-tanlovning yakuniy natijasiga ko‘ra, veterinariya meditsinasi yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Shaxida Qarlibayeva birinchi o‘rinni egallab, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Veterinariya diagnostikasi va laboratoriya ishi yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Venera Joldasbayeva ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, zooinjeneriya (baliqchiliq) yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Bibizada Allamuratova uchinchi o‘rinni olishga muvaffaq bo‘ldi.

G‘oliblarga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA