Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi 13 may kuni Dushanbe shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Qozog‘iston Respublikasi raisligida o‘tkazilgan tadbirda Armaniston, Belarus, Moldova, Ozarbayjon, Qirg‘iz Respublikasi, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirliklari, shuningdek, MDH Ijroiya qo‘mitasi delegatsiyalari ishtirok etdi.

https://cdn3.mfa.uz/2022/05/13/09/31/6_uitAyHytph_low.jpg

Yig‘ilish ishtirokchilari xalqaro kun tartibi va Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, MDH davlat va hukumat rahbarlari Kengashlariga kiritiladigan ko‘p tomonlama hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqdilar.

MDH ishtirokchi davlatlari tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi sheriklikni faollashtirish bo‘yicha Harakatlar dasturi va tashqi ishlar vazirliklari o‘zaro maslahatlashuv rejasining 2021 yildagi ijrosi natijalari tasdiqlandi.

Belarus notarial palatasiga – notarial faoliyat sohasida, Samarqanddagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universitetiga – turizm sohasida MDHning tayanch tashkilotlari maqomini berish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.

Yig‘ilish davomida O‘zbekiston delegatsiyasi jahonda ro‘y berayotgan voqealar va xalqaro munosabatlardagi o‘zgarishlar jadallashishi Hamdo‘stlikni zamonaviy voqelikka doimiy ravishda moslashtirish zaruratini taqozo etishini ta’kidladi.

O‘zbekistonning 2020 yil tuzilmaga raisligi davrida qabul qilingan Hamdo‘stlikni yanada rivojlantirish Konsepsiyasi va MDH iqtisodiy taraqqiyoti Strategiyasini amalda bajarish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatni davom ettirish taklif etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Hamdo‘stlik sammitlarida ilgari surilgan MDH doirasidagi o‘zaro hamkorlik salohiyatini mustahkamlash, savdo-iqtisodiy jarayonni liberallashtirish, ta’lim, fan, texnika, sog‘liqni saqlash, madaniyat sohalaridagi aloqani kengaytirish, fuqarolar farovonligi va turmush darajasini oshirish, shuningdek, an’anaviy va yangi chaqiriq, tahdidlarga qarshi turishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

https://cdn3.mfa.uz/2022/05/13/09/32/5_xDCMTDCM8E_low.jpg

Hamkorlar MDH faoliyati doirasidagi aniq qadamlarni keng muhokama qilish maqsadida joriy yil O‘zbekistonda o‘tkaziladigan sanoat kooperatsiyasi va mintaqalararo hamkorlik, ijodiy va ilmiy ziyolilar forumlari hamda Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiyaga taklif etildi.

Yig‘ilish yakunida MDH Tashqi ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi yig‘ilishini 2022 yil 13 oktyabrda Nur-Sulton shahrida o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

G‘.XONNAZAROV,

O‘zA