Ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘izistonning Aksi tumani dalalarida Marokash chigirtkasi ko‘payib bormoqda. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, mazkur xavfli hasharotga qarshi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi mazkur chigirtka galasining mamlakatimiz dalalariga ham  kirib kelishi xavfi to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston sharoitida zararli chigirtkalar xavfini bartaraf etish yuzasidan har yili kuz oylarida kuzgi, erta bahorda ham kuzatuv nazorat ishlari olib boriladi, chigirtkalarning qishlov muddati tugashi, tuxumdan chiqish muddatlari to‘g‘risida ko‘p yillik kuzatuv asosida kimyoviy kurash tadbirlari rejalashtiriladi va o‘z vaqtida tashkil etish choralari ko‘riladi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, bugunga qadar O‘zbekistonda eng xavfli sanalgan Afrika chigirtkalari ko‘payib  ketishi xavfi to‘g‘risida xabarlar kuzatilmagan.

Respublikada hozirgi paytda chigirtkalarga qarshi kurash tadbirlari davlat byudjetidan ta’minlanadigan O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tarkibidagi Chigirtkalarga qarshi kurash xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.

Marokash chigirtkalari mamlakatimiz hududlariga ham tarqalishi xavfi mavjud. Hozirga qadar chigirtkalarni boshqarish mexanizmi hech bir davlatda ishlab chiqilmagan. Bu xabar soha xodimlarini  ogohlikka chaqiradi.

O‘zA