Prezident raisligida tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmati faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

Yig‘ilishda tizimdagi eng katta muammo – shoshilinch yordam bemor uchun eng yaqin tibbiyot muassasasida emas, balki faqatgina oldindan biriktirilgan sanoqli shifoxonalarda ko‘rsatilishi qayd etildi.

Misol uchun, Mirzo Ulug‘bek tumani, “Qorasuv-1” mavzesida “o‘tkir bosh-miya jarohati” olgan bemorni tez yordam brigadasi yo‘lidagi eng yaqin shifoxona – Respublika neyroxirurgiya markaziga emas, balki Chilonzordagi Respublika shoshilinch markaziga olib borishga majbur.

Shu kabi Farg‘ona tumani Mindonobod qishlog‘ida viloyat Kardiologiya markazi bo‘lsada ushbu qishloqdagi yurak xurujiga uchragan bemorni tez yordam 15 kilometr yo‘l bosib, Vodilda joylashgan tuman shifoxonasiga olib boradi.

Shu bois, tez tibbiy va shoshilinch yordam tizimini takomillashtirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqildi va barcha hokimlarga yetkazildi.

–Lekin, aksariyat viloyat, tuman va shahar hokimlari bu masalaning mazmun-mohiyatini hali to‘liq tushunib yetgani yo‘q, ayrimlari esa tushunishni xohlamayapti, – dedi Prezident.

Prezident soha oldida turgan vazifalarni belgilab berdi. Jumladan:

– joriy yil 1 iyuldan yagona vertikal boshqaruv asosida “103” Respublika tez tibbiy yordam markazi va uning viloyat filiallari tashkil etiladi;

– tumanlarda chaqiruvlarni qabul qilish dispetcherlik xizmati tugatilib, viloyatlarda yagona Koll-markaz tashkil etiladi;

– tez tibbiy yordam ko‘rsatish bir tuman hududida emas, masofaga qarab butun viloyat bo‘yicha yo‘lga qo‘yiladi;

– Koll-markazda operatorlar bilan birga alohida tibbiyot-maslahat brigadasi faoliyat olib boradi.

Ya’ni, tez yordam brigadasi yetib borguniga qadar ularga bemorning ahvoli haqida xabardor qilib turish, oila a’zolariga og‘ir ahvoldagi bemorga birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha telefon orqali maslahat berish bilan shug‘ullanadi.

Tez yordam xizmatini tashkil etish va raqamlashtirish uchun 85 milliard so‘m va Jahon bankidan jalb qilingan 5 million dollar yo‘naltiriladi.

Shuningdek, viloyat koll-markazlari tizimiga tez tibbiy yordam xizmati mavjud xususiy klinikalar ham ulanadi.

O‘zA