Prezident raisligida tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmati faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

–Tibbiyot tizimidagi islohotlarimizni odamlar, birinchi navbatda, tez tibbiy va shoshilinch yordamda bo‘lgan o‘zgarishlarni ko‘rgandagina his qiladi. Inson sog‘lig‘i va uning hayotini saqlab qolishda “oltin soat” oralig‘ida birinchi yordam ko‘rsatuvchi bo‘g‘in, albatta, tez tibbiy va shoshilinch yordam hisoblanadi. Aytish joizki, ushbu soha umuman e’tibordan chetda qolib ketgan edi.

Mana, so‘nggi besh yilda ushbu hayotiy muhim sohalarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha katta ishlarni boshladik ,– dedi davlatimiz rahbari so‘zining avvalida.

Jumladan, bu davrda:

– 2 224 ta yangi tez yordam mashinasi olib berildi yoki transport parkining 80 foizi yangilandi;

– zamonaviy reanimatsiya mashinalari soni 24 tadan 435 taga ko‘paytirildi;

– bitta chaqiriqqa dori-darmon uchun ajratilayotgan mablag‘lar miqdori 16 baravarga, dori-darmon turlari 20 tadan 45 tagacha oshirildi.

Shuningdek, tez yordam podstansiyalari soni 800 tadan 1 666 taga, tibbiy yordam brigadalari esa 1 890 tadan 2 695 taga yetkazildi. Natijada tez yordamning kechikishlari shaharlarda 10 baravarga qisqardi.

Hududlarda 21 ta tumanlararo qo‘shma shikastlanish va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etildi (yil yakuniga qadar markazlar soni 35 taga yetkaziladi).

Misol uchun, “Qamchiq” dovonidagi avtohalokatlarda og‘ir tan jarohati olgan bemorlar oldinlari 100 kilometr masofani bosib, Toshkent va Namangan shahridagi shoshilinch markazlarga olib borilgan.

Angren shahri va Pop tumanida ochilgan markazlar hisobiga o‘tgan 3 oyning o‘zida bosh miyada 80 ga yaqin shoshilinch murakkab operatsiyalar o‘tkazildi.

Yoki, Qo‘rg‘ontepa tumanida tashkil etilgan markazda o‘tkir yurak qon-tomir kasalliklari bo‘yicha 68 nafar bemorga shoshilinch operatsiyalar o‘tkazilib, ularning hayoti saqlab qolindi. Oldinlari bu operatsiyalar faqat Andijon shahrida bo‘lgan.

Lekin Shahrisabz, Kasbi, Sirdaryo tumanlarida bunday markazlarni tashkil etish ishlari sust kechayotganligi aytildi.

O‘zA