Prezident raisligida turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

Yig‘ilishda yurtimizda mavjud 122 ta muzey salohiyatidan foydalanilmayotgani ta’kidlandi. Muzeylarda 2,5 milliondan ortiq ashyo saqlanib, 112 mingtasi nafaqat mamlakatimiz, balki jahon miqyosida noyob hisoblanadi.

–Lekin qaysi hokim muzeylar muammosi bilan shug‘ullandi, degan savolga ijobiy javob yo‘q. Misol uchun, Savitskiy, Termiz arxeologiya, O‘zbekiston davlat san’at muzeylariga butun dunyodan odamlar keladi, lekin aholimizni bu madaniyat maskanlariga borishi tizimli tashkil etilmayapti. Shu bois bugun turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimovga yangi o‘rinbosarlar – Baxtiyor Ibragimov, Nusratilla Zikrillayev, Botir Shaxriyorovni tayinladim. Har bir viloyat hokimiga ham turizm bo‘yicha o‘rinbosarlar berilgan. Bunday imkoniyat qachon bo‘lgan? Bu borada Qoraqalpog‘iston, Andijon, Buxoro, Farg‘onada turizm bo‘yicha o‘rinbosarlar yaxshi ishlayapti. Qolgan hudud mas’ullari hali “uyg‘ongani” yo‘q”, – dedi Prezident.

Shu 4 ta hududdan tashqari barcha viloyat hokimlarining turizm bo‘yicha o‘rinbosarlariga 3 oy sinov muddati belgilash, yakuni bo‘yicha lavozimga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirildi.

Turizm vaziri,  uning yangi tayinlangan o‘rinbosarlari, viloyat hokimlari va turizm bo‘yicha muovinlari oldidagi eng ustuvor vazifalardan biri – turizm sohasida pandemiyagacha bo‘lgan ko‘rsatkichlarni tiklash ekani ta’kidlandi.

Turizm va unga turdosh sohalarda kamida 200 mingta yangi ish o‘rini yaratish vazifasi qo‘yildi.

Buning uchun yil yakuniga qadar har bir viloyatda turistlar uchun jozibador bo‘lgan kamida 20 million dollarlik 1 tadan yirik loyihani boshlash zarur.

Misol uchun, Namanganda ishga tushirilgan “Afsonalar vodiysi”, Bo‘stonliqda “Amirsoy majmuasi”da ham bolalar uchun, ham kattalar uchun barcha sharoit yaratilgan bo‘lib, kuniga minglab xorijiy va mahalliy turistlar kelmoqda.

Bunday yirik loyihalarni qo‘shni davlatlar uchun qulay bo‘lgan Andijon, Toshkent viloyati, Qashqadaryo va Xorazmda barpo etish uchun barcha imkoniyatlar yetarli ekani qayd etildi.

O‘zA