Bugun Oliy Majlis Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining majlisi o‘tkazildi. Unda Senatning navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqiladigan masalalar muhokama etildi.

Xususan, “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2022 yil I choragi ijrosi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, qo‘mita tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy-ijtimoiy xizmatlar tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama etildi va fikr-mulohazalar bildirildi.

Ushbu Qonun aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamining huquq va erkinliklariga doir qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha ishlarning mantiqiy davomi ekanligi ta’kidlandi. Qonun qizg‘in muhokama qilinib, shundan so‘ng qo‘mitaning qonunni navbatdagi yalpi majlis muhokamasiga kiritish haqidagi xulosasi tasdiqlandi.

Shuningdek, majlisda qo‘mita ishchi guruhi tomonidan 11-15 aprel kunlari “Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va Jizzax viloyatidagi Axborot-kutubxona markazlaridagi ijrosi bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganish natijalari ko‘rib chiqildi.

Soha uchun kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, binolarning qurilish va sanitariya normalariga muvofiqligi hamda moddiy-texnik ta’minot bilan bog‘liq masalalar tanqidiy muhokama qilindi, mutaxassislar va ekspertlarning fikrlari eshitildi.

Yakunda muhokama etilgan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA