Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov, Polshaning Tibbiy mahsulotlari, tibbiy jihozlar va biotsid mahsulotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish idorasi prezidenti Gjegoj Chesak boshchiligidagi delegatsiya vakillarini qabul qildi.
Uchrashuvda tomonlar, shu yilning 30 avgust sanasida ikki davlat regulyator tashkilotlari o‘rtasida imzolanganxalqaro hamkorlik bo‘yicha memorandum bandlaridagi vazifalar, ularni amalga oshirish mexanizmlari va aniq muddatlarini belgilash yuzasidan tegishli masalalarni muhokama qildi.
Polsha Tibbiy mahsulotlarini, tibbiy jihozlar va biotsid mahsulotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish idorasi Polshada tibbiy mahsulotlarning xavfsizligi va samaradorligini ta’minlash uchun mas’ul asosiy organ hisoblanadi. Mazkur tashkilot 2002 yilda tashkil etilgan bo‘lib, farmatsevtika mahsulotlarni ro‘yxatga olish, bozorga chiqarish va ularning sifatini nazorat qilish uchun zarur bo‘lgan tartiblarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi.
Samimiy ruhda o‘tgan muloqot yakunida, hamkorlikda faoliyat olib borishga kelishilgan yo‘nalishlardagi ishlarni amalga oshirish bo‘yicha aniq harakatlar rejasidan iborat bo‘lgan yo‘l xaritasi imzolandi.
Polsha delegatsiyasining yurtimizga tashrifi doirasida “UzMedExpo-2024” tibbiyot ko‘rgazmasi bilan tanishish, shuningdek, poytaxtimizdagi “Rompharm” kompaniyasi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga tashrif rejalashtirilgan.
Mohigul Qosimova, O‘zA