20 sentyabr kuni mamlakatimizga yangi tayinlangan xorijiy elchilar tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant, Koreya Respublikasi Favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon, Mo‘g‘uliston Favqulodda va muxtor elchisi Daadanxuu Batbaatar, Germaniya Federativ Respublikasi Favqulodda va muxtor elchisi Manfred Xuterer, Isroil Davlati Favqulodda va muxtor elchisi Gideon Lustig va Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi rahbari Toyvo Klaardan ishonch yorliqlarini qabul qildi.
Davlatimiz rahbari xorijiy diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini O‘zbekistondagi sharafli va mas’uliyatli faoliyati rasman boshlangani bilan samimiy tabrikladi.
Bugungi kunda jahondagi beqaror va tez o‘zgarayotgan davrda elchilarning nafaqat o‘z mamlakatlarining manfaatlarini ilgari surish, balki xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlashga qaratilgan sharafli faoliyatining ahamiyati keskin ortib borayotgani ta’kidlandi.
Prezidentimiz ochiq, konstruktiv va pragmatik tashqi siyosat natijasida Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni va mavqei tobora mustahkamlanayotganini ta’kidladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan mamlakatimiz tashabbusi bilan 10 dan ortiq, jumladan, joriy yilning o‘zida katta ahamiyatga ega 4 ta maxsus rezolyutsiya qabul qilingani buning tasdig‘idir.
Murakkab global vaziyatda ham O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘smoqda, Jahon banki bu yil o‘sish 5,3 foizni tashkil etishini prognoz qilmoqda. Xalqaro valyuta jamg‘armasi e’tirof etganidek, o‘tgan yil yakuni bo‘yicha mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti ilk bor 100 milliard dollardan oshdi.
Parijdagi yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari mamlakatimizning yangi sport tarixini yaratgan yosh sportchilarimizning rekordlari va misli ko‘rilmagan yutuqlari maydoniga aylandi.
– Bularning barchasi ortga qaytmas tus olgan keng ko‘lamli islohotlarimizning samarasidir, – dedi davlat rahbari.
O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida demokratik jamiyat qurish, iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, sanoat va ijtimoiy infratuzilmani modernizatsiya qilish, tadbirkor va investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratish siyosatini davom ettirishi ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan kelgusi oyda Oliy Majlis va mahalliy vakillik organlariga o‘tkaziladigan saylovlar yangilangan Konstitutsiyaga muvofiq ilk bor aralash saylov tizimi asosida o‘tkazilishi alohida qayd etildi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun diplomatik vakolatxonalar rahbarlari vakillik qilayotgan mamlakatlar hukumatlariga minnatdorlik bildirildi.
O‘zbekiston Prezidenti Hindiston Respublikasi elchisi Smita Pantga murojaat qilar ekan, ikki mamlakat yetakchilarining qat’iy siyosiy irodasi tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Joriy yil boshidan buyon ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga oshdi, qo‘shma korxonalar, aviaqatnovlar soni ko‘paymoqda, sayyohlik almashinuvi kengaymoqda, hududlararo aloqalar izchil rivojlanmoqda. O‘zbekistonda Hindiston universitetlarining to‘rtta filiali muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Davlatimiz rahbari yaqin kelajakda o‘zaro savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, raqamli iqtisodiyot, innovatsiyalar, axborot texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik loyihalarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish va “Hindiston – Markaziy Osiyo” formatidagi muloqotni davom ettirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
O‘zbekiston yetakchisi Koreya Respublikasi biz uchun Osiyo qit’asidagi vaqt sinovlaridan o‘tgan yaqin do‘st va alohida strategik sherik ekanini ta’kidladi.
Prezident Yun Sok Yolning O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Koreya hamkorligining yangi bosqichini boshlashga kelishib olindi. Mamlakatimizda zamonaviy sanoat va infratuzilmani barpo etish maqsadida yuqori texnologik va innovatsion sheriklik modeli joriy etilmoqda.
O‘zaro savdo hajmi 2,5 milliard dollarni tashkil etmoqda. 700 dan ziyod qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, yangi investitsiya loyihalari portfeli 10 milliard dollarga yetdi.
O‘zbekistonda Koreyaning qator yetakchi universitetlari filiallari, kasb-hunar ta’limi, innovatsiyalar va axborot texnologiyalari markazlari ochildi, maktabgacha ta’lim tizimini yaratishning ilg‘or tajribasi muvaffaqiyatli joriy etilmoqda, sog‘liqni saqlash sohasida birgalikda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
– Toshkentda barpo etilgan Bolalar klinikasi, Koreya madaniyati va san’ati uyi, Seul bog‘i va ko‘chasi mustahkam do‘stligimizning yorqin ramzlariga aylandi, ko‘p millatli xalqimizning ajralmas qismi bo‘lgan salkam 200 ming nafar fuqarolarimizdan iborat koreys diasporasi esa taraqqiyotimizga munosib hissa qo‘shmoqda, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Koreya Respublikasining yetakchi kompaniyalari bilan o‘ta muhim minerallar, yarim o‘tkazgichlar, kimyo sanoati, “yashil” energetika, mashinasozlik, “aqlli” qishloq xo‘jaligi va transport sohalarida hamkorlik bo‘yicha strategik rejalarni to‘liq amalga oshirish zarurligi, shuningdek, parlamentlararo va hududlararo aloqalarni yanada faollashtirish, gumanitar hamkorlikni kengaytirish, ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmlarini rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari Mo‘g‘uliston elchisiga murojaat qilar ekan, Prezident Uxnaagiyn Xurelsuxning yaqinda O‘zbekistonga qilgan davlat tashrifi o‘zaro manfaatli munosabatlarimizda yangi sahifa ochganini ta’kidladi.
Toshkentda Mo‘g‘uliston elchixonasi o‘z faoliyatini boshladi. Joriy yil boshidan buyon o‘zaro savdo hajmi ikki barobar oshdi. Turli vazirlik va idoralar o‘rtasidagi aloqalar faollashdi.
Erishilgan kelishuvlarni so‘zsiz bajarish, xususan, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni qabul qilish, foydali qazilmalarni o‘zlashtirish va qayta ishlashda ishtirok etish, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, charm, to‘qimachilik, farmatsevtika sanoati va tibbiyot sohalarida loyihalarni amalga oshirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, ta’lim va madaniy dasturlarni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
BMT, SHHT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni kuchaytirish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
O‘zbekiston rahbari dunyoning yetakchi davlatlaridan biri, ulkan intellektual va iqtisodiy salohiyatga ega Germaniya O‘zbekistonning Yevropadagi muhim va uzoq muddatli hamkori ekanini ta’kidladi.
O‘tgan yili Germaniyaga amalga oshirilgan ikkita oliy darajadagi tashrif, shuningdek, Federal Kansler Olaf Sholsning yaqinda O‘zbekistonga qilgan rasmiy tashrifi ko‘p qirrali O‘zbekiston-Germaniya munosabatlari tarixida yangi davrni boshlab bergan muhim voqealar bo‘lgani ta’kidlandi.
Keyingi yillarda o‘zaro savdo hajmi va qo‘shma korxonalar soni ikki barobar, o‘zlashtirilgan investitsiyalar esa 10 barobar ko‘paydi.
Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan umumiy qiymati 9 milliard yevroga teng bo‘lgan qo‘shma loyihalar ishlab chiqilmoqda.
“Siemens”, “Linde”, “BASF”, “MAN”, “CLAAS”, “Henkel”, “Knauf”, “Papenburg”, “Deutsche Bahn” va boshqa kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish mexanizmlari joriy etilmoqda, Sanoat va texnologik hamkorlik dasturi qabul qilindi.
– Shu bilan birga, madaniy-gumanitar, ta’lim, migratsiya va turizm sohalarida ham katta natijalar kutayapmiz, – deb ta’kidladi mamlakatimiz Prezidenti.
Shuningdek, yaqinda Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Germaniya” ikkinchi sammitida bildirilgan mintaqaviy strategik hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.
Prezidentimiz Isroil O‘zbekistonning muhim iqtisodiy sherigi ekanini ta’kidladi.
O‘tgan yilda savdo hajmi ikki barobar oshdi, mamlakatimizda Isroil sarmoyasi ishtirokidagi 120 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekistonda qadimdan yashab kelayotgan Buxoro yahudiylari hamon xalqlarimiz aloqalarida mustahkam bog‘lovchi rishta vazifasini o‘tamoqda.
Prezident ikki tomonlama hamkorlik uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi. Xususan, innovatsiyalar, “aqlli” qishloq va suv xo‘jaligi, resurs tejaydigan texnologiyalar, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorlik bildirdi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi vaziyat tez orada adolatli yechim topishi, umume’tirof etilgan hujjatlar asosida uzil-kesil tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishining qat’iy tarafdori ekanini tasdiqladi.
O‘zbekiston Prezidenti Yevropa Ittifoqi ishonchli va vaqt sinovidan o‘tgan hamkor ekanligini ta’kidladi.
So‘nggi yillarda munosabatlarimiz izchil rivojlanib, mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Joriy yilda diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanmoqda.
Oliy darajadagi tashriflar soni ortib bormoqda, Yevropaning bir qator davlatlari bilan strategik sheriklik o‘rnatildi, o‘tgan yili Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga oshdi.
“Yashil” iqtisodiyot, muqobil energetika, yuqori texnologik sanoat, innovatsiyalar, mineral resurslar, qishloq xo‘jaligi, ekologiya, fan va ta’lim sohalarida yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning tez orada imzolanishi munosabatlarimizni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
– Yevropa tomoni bilan siyosiy muloqotlarni faollashtirish, demokratik institutlarni mustahkamlash, inson huquqlari masalalarida ochiq va konstruktiv muloqotni davom ettirish, iqtisodiyot, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida hamkorlikning yangi “o‘sish nuqtalari”ni topish, fuqarolarimiz bordi-keldilari uchun viza rejimini yengillashtirish kabi dolzarb yo‘nalishlarda birgalikda ishlash niyatidamiz, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bilan hamkorligi kengayib borayotgani ham qayd etildi. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari kelgusi yilda Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammitini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Marosim yakunida O‘zbekiston Prezidenti yangi tayinlangan elchilarga sharafli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi, yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va islohotlar natijalari bilan, ayniqsa, eng chekka tuman va qishloqlarga borib yaqindan tanishishni tavsiya qildi.
O‘z navbatida, xorijiy diplomatlar samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasidagi faoliyatini samarali olib borishlariga yaratilgan sharoitlar uchun tashakkur izhor etdilar.