Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu haqda so‘z bordi.
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti joriy yil fevral oyidan e’tiboran dekanat tizimidan voz kechib, ofis-registrator tizimiga o‘tdi. Respublikadagi oliy ta’lim muassasalari orasida birinchilardan bo‘lib universitetning tashkiliy tuzilmasiga o‘zgartirish kiritildi va mavjud 7 ta fakultet faoliyati tugatildi.
Bu o‘z navbatida katta hajmdagi mablag‘larning iqtisod qilinishi orqali talaba sportchilar orasida sport klublari va to‘garaklar faoliyatini jonlantirishga zamin yaratdi.
Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Rashid Matkarimov, universitet prorektori Eldor Rahmonov va universitet boshqarmasi boshlig‘i Hikmat Toshmatov jurnalistlarning savollariga javob berish jarayonida shu haqda ma’lumot berishdi.
Ta’kidlanganidek, jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy va salohiyatli o‘qituvchi hamda murabbiy kadrlar tayyorlashda xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasini joriy etish, ta’lim jarayonini xalqaro standartlarga moslashtirish, boshqaruv tizimini raqamlashtirish, pedagogik va ilmiy salohiyatni yanada oshirish, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida Pekin sport universiteti, Koreya milliy sport universiteti va Estoniyaning Tartu sport fanlari va fizioterapiya universitetida amalda mavjud bo‘lgan tashkiliy tuzilma asos qilib olindi.
Natijada o‘quv jarayoni hamda talabalar faoliyati yagona tizim orqali boshqariladigan bo‘ldi.
Bu esa, o‘z navbatida, ko‘p hollarda korrupsiyaga sabab bo‘ladigan omillar, ortiqcha qog‘ozbozlik va byurokratik to‘siqlarning oldini olishga, shuningdek, shaffoflikni ta’minlash orqali korrupsiyaga qarshi kurashda muhim qadam bo‘ldi.
Joriy yil iyun oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, uning davomida oliy ta’lim muassasalarida dekanatlarning talabalarga xizmat ko‘rsatish funksiyalari to‘liq raqamlashtirilishi belgilandi. Shunga muvofiq, jismoniy tarbiya va sport universitetida “Registrator ofisi” tashkil qilindi.
Mamlakatimiz sportchilarining Parijda o‘tkazilgan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida erishilgan natijalarda universitet talaba-sportchilari — Bahodir Jalolov, Abdumalik Xoloqov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Diyora Keldiyorova va Muzaffarbek To‘raboyevlarning hissasi katta bo‘ldi.
Shu bilan birga, yechimini kutayotgan qator muammolar mavjud. Ular orasida sport turlari va sport meditsinasidagi muammolarni xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va ilg‘or tajribalarni joriy etish orqali bartaraf etish muhim vazifalardan sanaladi.
Shu maqsadda Xitoy, AQSH va Yevropa mamlakatlarining professional sport tizimini rivojlantirishda ishtirok etgan sport professorlari universitetga jalb qilindi. Xususan, Pekin sport universiteti professori Yang Binsheng, Germaniyaning Kyoln sport universiteti professorlari Georgiy va Lesya Korobeynikovalar universitetda xorijiy mutaxassis sifatida faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, Malayziya, Indoneziya, Xitoy, Germaniya va Turkiyaning nufuzli universitetlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.
Savol-javoblarga boy bo‘lgan anjuman yakunida istiqboldagi rejalar, poytaxtimizda qurilayotgan “Olimpiya shaharchasi”, o‘smirlar o‘rtasida o‘tadigan Toshkent-2025 Osiyo o‘yinlari va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasidagi dasturlar muhokama qilindi. Zamonaviy bilimlarga ega, ilmiy-amaliy ish tajribasi yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash asosiy maqsad sifatida qayd etildi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA