Shu kunlarda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri v.b. Sherzod Hidoyatov boshchiligidagi delegatsiya Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turibdi.

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari yanada mustahkamlanmoqda. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalarida ham manfaatli aloqalarni kengaytirish muhim ahamiyatga ega. Bu jarayonda ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralarida erishilgan natijalar huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Xususan, qurilish va kommunal sohalarda ham samarali aloqalar taraqqiy etib bormoqda. Bu jihatlar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida bo‘lib o‘tgan keng qamrovli uchrashuvlarda yaqqol namoyon bo‘ldi.

Kuni kecha delegatsiya a’zolari Moskva shahridagi aholi turar joy binolarini ko‘zdan kechirdilar. Tanishuv jarayonida Rossiya qurilish industriyasida keng qo‘llanilayotgan energotejamkor texnologiyalar, qurilish bozoriga raqamli tizimlarni joriy etish, IT konsalting xizmatlari kabi ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.

Sherzod Hidoyatov boshchiligidagi mas’ullar “DOM.RF” jamiyati bosh direktori V.Mutko bilan uchrashib, qurilish va uni moliyalashtirish sohasida Rossiyaning ilg‘or tajribasi yuzasidan muhokama o‘tkazdilar. Unda hududlarni kompleks rivojlantirish standarti, shahar atrof-muhit sifatini oshirishning muhim yo‘nalishlari, lift mahsulotlarini eksport qilish hamda dispetcherlik xizmati va sohani IT texnologiyalar asosida rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot yakunlarida tomonlar bir qator yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

Ikki tomon o‘rtasidagi manfaatli uchrashuvlar bugun ham davom etdi. Rossiya qurilish bozorida yetakchi o‘ringa ega “Domklik” kompaniyasi bilan o‘tkazilgan muzokaralarda qurilish bosqichlari, “noldan-tayyorgacha” tizimi asosida amalga oshirilayotgan amaliy tajribaga oid taqdimotlar ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi. Xususan, qurilish va ko‘chmas mulkni rasmiylashtirish, kreditlash va oldi-sotdi shartnomalariga doir to‘plangan tajriba xususida o‘zaro fikr almashildi.

Eslatib o‘tamiz, delegatsiya tarkibida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mutasaddilari bilan bir qatorda boshqa manfaatdor vazirlik va tashkilotlar vakillari ham bor. Tashrif davom etmoqda.

Sh. Mamaturopova, O‘zA