Bugun, 2024 yil 20 sentyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik yettinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlis videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkazilmoqda. Shu bilan birga, Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borilmoqda.
Majlis kun tartibiga 18 ta masala kiritilgan. Ular orasida “Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”, “Yer qa’ri to‘g‘risida”, “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibining takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar bor.
Shuningdek, “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlar muhokama qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruza senatorlar e’tiboriga havola etiladi.
Majlisda ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqida saytimizda yoritib boramiz. Bizni kuzatib boring!
N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA