Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarining yakunlari va oldinda kutib turgan yirik kompleks musobaqalarga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Sport vaziri Adham Ikromov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.
Uchrashuvda yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi yutuq va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar o‘rganilib, zarur vazifalar belgilab olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 avgust kuni sportchi va murabbiylar bilan uchrashuvda yangi Olimpiya sikli uchun belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Suhbatda Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik, xususan, o‘yinlar dasturi va unga kiritiladigan sport turlarini ko‘rib chiqish kun tartibidan o‘rin oldi. Barcha masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Muloqot yakunida Aichi-Nagoya-2026 yozgi Osiyo o‘yinlari va Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik rejalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Unda jamoaviy sport turlari va ayollar sportiga yanada ko‘proq ahamiyat qaratish, terma jamoalarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, tajribali xorijiy murabbiylarni jalb etish, sportchilarning tibbiy ta’minotini kuchaytirish borasida takliflar bildirildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA