O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yangi loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 21 aprel kuni Qashqadaryo viloyatiga keldi.

Tashrifdagi birinchi manzil Ko‘kdala tumani bo‘ldi. Bu ma’muriy birlikni tashkil etish g‘oyasi Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturidan o‘rin olgan edi. Oliy Majlis Senatining shu yil 17 martdagi qaroriga muvofiq, aholiga qulayliklar yaratish hamda urbanizatsiya jarayonlarini tartibga solish maqsadida Chiroqchi tumanining bir qismida Ko‘kdala tumani tashkil etildi.

Prezident tashrifi arafasida ushbu yangi tumanda “Chiroqchi klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyatining tikuvchilik korxonasi ishga tushirildi. Uning binosi yengil konstruksiyalardan qurilgan. 500 nafarga yaqin mahalliy xotin-qizlar va yoshlar ish bilan ta’minlangan.

Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi, xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.

– Ko‘ryapsizlar, ayollar bo‘yicha qancha qarorlar qabul qilyapmiz, tashkiliy choralar ko‘ryapmiz. Buning zamiridagi maqsad – sizlarning quvonchingizni ko‘rish. Bir ayolni, bir qizimni ish bilan ta’minlasak, uning kayfiyati butun xonadonga ta’sir qiladi, farzandlarini yaxshi o‘qitadi. Bugun ham ko‘p rejalar, imkoniyatlar bilan keldik. O‘zbekistonda orzular amalga oshadigan zamon qurishga harakat qilayapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Korxona yiliga 7 million dona tayyor kiyim ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlarning katta qismi “Samo” brendi ostida eksport qilinadi. Buning uchun taniqli xorijiy brendlar bilan hamkorlik rejalashtirilgan.

Klaster rahbariga paxta hosildorligini oshirish, yangi yerlarni o‘zlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ma’lumki, Yettitom shaharchasi Ko‘kdala tumanining ma’muriy markazi etib belgilangan. Endi bu yerda infratuzilmani rivojlantirish zarur. Prezidentimiz ushbu shaharchani batafsil rejalashtirish loyihasi bilan tanishdi.

Tuman hududi 171 ming gektar bo‘lib, 32 ta mahalladan iborat. Loyihaga ko‘ra, Yettitom shaharchasida tuman hokimligi va mahalliy idoralar uchun binolar, “Yangi O‘zbekiston” massivi, bog‘cha va maktablar, poliklinika, istirohat bog‘i, xalqaro ahamiyatdagi yo‘l bo‘yida xizmat ko‘rsatish va savdo majmualari barpo etiladi. 159 kilometr yo‘l ta’mirlanib, 50 kilometr ichimlik suvi, 80 kilometr elektr tarmoqlari quriladi.

Prezidentimiz yangi binolarni energiya tejamkor qilib qurish, uylar tepasiga quyosh energiyasi panellari o‘rnatish zarurligini ta’kidladi. Ko‘kdalada 500-1000 megavattlik quyosh elektr stansiyalari va quyosh panellari korxonasini barpo etish imkoniyatini o‘rganish bo‘yicha topshiriq berildi.

Shu yerda aholi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ular ilgari Chiroqchi tumani markazigacha 2-3 soatlab yo‘l yurilgani, bu ko‘p qiyinchilik va xarajatlar tug‘dirganini so‘zlab berishdi.

– Ko‘kdala tumanini tashkil etishdan asosiy maqsad bu yerda yashaydigan 182 ming nafar aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish, hududni iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu maqsadda tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqilishi ta’kidlandi. Bu yerda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etish uchun qariyb 2 trillion so‘m mablag‘lar yo‘naltiriladi. Joriy yilda 260 milliard so‘mlik 18 ta loyiha ishga tushiriladi.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari oilaviy bolalar uyi tashkil etgan ota-onalar bilan uchrashdi.

Shavkat Mirziyoyev rahbar sifatida qat’iyatli va talabchan bo‘lsa, shaxs sifatida mehribon va e’tiborli inson. Buni uning keksalarga, bolalarga, ehtiyojmand odamlarga munosabatidan bilsa bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari Jizzax viloyati hokimi bo‘lganida Mehribonlik va Muruvvat uylarini tartibga keltirgani, Samarqandda ko‘zi ojiz bolalar internatiga borganini odamlar haligacha eslaydi.

Bugun bunday mehr-e’tibor butun mamlakat miqyosiga yoyilgan. Prezidentimiz hududlarga chiqqanida shunday ijtimoiy muassasalarga borishga vaqt topadi.

Yaqinda Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi maktab-internatga borganida Shavkat Mirziyoyev «yurtimizda umuman yetimlar bo‘lmasa, qanday yaxshi bo‘lardi» degan edi. Xalqimiz bu xayrli tashabbusni qo‘llab-quvvatlamoqda, barcha hududlarda oilaviy bolalar uylari tashkil etilmoqda. Natijada so‘nggi oylarda 16 ta Mehribonlik uyidan 10 tasi o‘z faoliyatini tugatdi.

Qashqadaryo viloyatida ham birinchilardan bo‘lib, Kitob tumanidagi 5-son va Qamashidagi 4-son Mehribonlik uylari yopildi. U yerda tarbiyalanganlarning bir qismi yaqinlari bag‘riga qaytgan bo‘lsa, bir qismi oilaviy bolalar uylariga qabul qilingan.

Prezidentimiz Qashqadaryoga safari chog‘ida shunday mehribon insonlar – Husan Xolliyev va Gulbahor Xonimova, Shokir Suyunov va Gulbahor Hamidova, Baxtiyor To‘rayev va Gulbahor Allanazarova oilalari bilan uchrashdi.

– Davlatimiz siyosatini amalga oshirib, bolalarning boshini silab, oilangiz bag‘riga olganingiz uchun sizlarga ta’zim qilib, rahmat aytaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Siz o‘zligimizni, xalqimiz ma’naviyatini namoyon etib, namuna bo‘layapsiz. Bu qiyin, buni hamma ham tushunmasligi mumkin. Lekin bu savob ishning ajru mukofoti juda ulkan. Siz tarix yaratayapsiz, o‘zingizga ma’naviy haykal qo‘yayapsiz. Xalqimiz bunday olijanob fazilatlarni yuksak qadrlaydi.

Prezident bolajonlarga ham murojaat qilib, dalda berdi.

– Hayot o‘nqir-cho‘nqir, sinovlardan iborat. Hozir sizlar uchun sinov. Lekin, men ishonaman, kelajakda tengdoshlaringga o‘rnak bo‘lasizlar. Mehnat, mashaqqatsiz muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi. Men ham bolaligimda qiyinchilik ko‘rib, katta bo‘lganman. Sizlar har doim davlatimizning e’tiborida bo‘lasiz: ta’lim-tarbiyangiz, o‘qishlarga kirishingizni nazoratga olamiz. Xudo xohlasa, kamolingizni ko‘rish hammamizga nasib etsin, – dedi davlat rahbari.

Qashqadaryo viloyatida jami 16 ta oilaviy bolalar uylari tashkil etilgan bo‘lib, ularda 98 nafar o‘g‘il-qiz mehr og‘ushiga olingan. Prezidentimiz ushbu oilalarga ham minnatdorlik bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev Koson tumanidagi “Koson” fermer xo‘jaligi dalasida bo‘lib, g‘alla va g‘o‘za rivojini ko‘zdan kechirdi.

82 gektar maydonga ega xo‘jalik asosan shu ekinlarga ixtisoslashgan. O‘tgan yili paxtadan 41, g‘alladan 70 sentnerdan oshirib hosil olingan. Daromad ham shunga yarasha yaxshi bo‘lgan – o‘tgan yili 357 million so‘m daromad topilgan.

Buning evaziga xo‘jalikka texnikalar xarid qilindi, suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatildi.

– Bozor iqtisodiyotida ishni harakatlantiruvchi kuch nima? Manfaat. Fermer xo‘jaliklari ham daromadni ko‘paytirishni o‘ylashi kerak. Daromad bor joyda rivojlanish bo‘ladi. Unumdorlikni oshirish uchun foydaning bir qismini ilmga, yangi texnologiyalarga sarflash kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Fermer xo‘jaligida paxta va g‘alla dalalari atrofiga tok, tut va oshqovoq ekilgan. Prezidentimiz bu tajribani kengaytirib, barcha klaster va fermer xo‘jaliklari dalasi atrofidagi bo‘sh joylarda meva-sabzavotlar yetishtirish zarurligini ta’kidladi.

Qashqadaryoda qishloq xo‘jaligida eng katta muammolardan biri – suv kamligi. Shu bois yomg‘irlatib va tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

“Koson” fermer xo‘jaligida ham yomg‘irlatib sug‘orish tashkil etilgan. Bu yil yana 23 gektar g‘alla maydonida yomg‘irlatib hamda 30 gektar paxta maydonida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan. Natijada 46 ming metr kub cuv, 11 tonna mineral o‘g‘it iqtisod qilinadi.

Shu yerda suv xo‘jaligi ob’ektlaridan foydalanish tizimini takomillashtirishga oid loyihalar muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari klasterlarga qarashli yerlarga suv yetkazib berish bo‘yicha ular bilan davlat-xususiy sheriklikni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari Koson tumanidagi “Bunyodkor” paxta-to‘qimachilik klasterining ishlab chiqarish korxonalarini borib ko‘rdi.

Bu yerda davlatimiz rahbarining klaster g‘oyasi asosida paxta yetishtirish va uni chuqur qayta ishlashning to‘liq sanoat «zanjiri» yaratilgan. Birinchi loyiha doirasida qariyb 21 milliard so‘mlik investitsiya o‘zlashtirilib, zamonaviy tikuvchilik fabrikasi tashkil etilgan.

Turkiya va Italiyadan keltirilgan uskunalar bilan jihozlangan mazkur korxona yiliga 6 million dona tayyor trikotaj ishlab chiqarish quvvatiga ega. Daromad jihatidan aytganda, qariyb 100 milliard so‘mlik yuqori sifatli kiyim-kechaklar tikilib, 2 million dollarlikdan ziyod tayyor mahsulot eksport qilinishi rejalashtirilgan.

Ayni paytda fabrikada 320 nafar xotin-qizlar ishlamoqda. Prezident ular bilan suhbatlashib, ishlariga muvaffaqiyat tiladi.

Klasterga qarashli kalava ip yigirish va mato to‘qish quvvatlari joriy yil iyulda, yog‘-moy ishlab chiqarish korxonasi dekabrda foydalanishga topshiriladi. Ularda yana 700 ga yaqin ish o‘rni tashkil etiladi.

Davlatimiz rahbari shu yerda soha mutaxassislari, paxta-to‘qimachilik klasterlari rahbarlari bilan suhbatlashdi.

– Biz hozirgi klaster tizimi bilan yengil bosqichni bosib o‘tdik. Endi sifat, narx, bozor nuqtai nazaridan yo‘l ochiq. Shuning uchun klasterlarimizning chet ellarga xizmat safarlari, ko‘rgazmalarini tashkil etish kerak, – dedi Prezident.

To‘qimachilik korxonalarini barqaror xomashyo bilan ta’minlash uchun paxta hosildorligini oshirish, sun’iy tola ishlab chiqarib, samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Prezidentimiz Koson tumanidagi “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati bilan tanishdi.

Bu yerda texnika va xizmat ko‘rsatish sohalarida 20 ga yaqin kasb-hunarga o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. O‘quv va mashg‘ulot xonalari tegishli uskuna, kompyuter, mulyaj va boshqa jihozlar bilan ta’minlangan.

Eng muhimi, o‘qish, o‘rganish yoshi chegaralanmagan. Bu yerga barcha istovchilar, vaqtincha ishsiz kishilar ham kelishi mumkin. Bunday imkoniyatdan foydalanib, aholi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan elektrik, santexnik, payvandchi, oshpaz, qandolatchi, sartarosh va tikuvchi kabi kasblarni o‘rganmoqda. Ularga jahon standartlari darajasida ko‘nikma berish maqsadida Germaniya, Turkiya va Yaponiya davlatlaridan mutaxassislar jalb qilingan. Markaz qoshida xorijiy tillarni o‘qitish ham yo‘lga qo‘yilgan.

Bu yerda nafaqat Koson, balki qo‘shni tumanlardagi ishsiz fuqarolarga 2 oydan 6 oygacha bo‘lgan kurslarda dars beriladi.

Davlatimiz rahbari markazda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, kasb o‘rganayotgan yigit-qizlar bilan suhbatlashdi.

– Sizlarning ertangi kuningizga befarq bo‘lmay, kasbga intilishingiz meni xursand qildi. Bunday markazlarni nima uchun tashkil etayapmiz? Ilgari yoshlar kasb egallashi uchun Toshkentga yoki boshqa shaharlarga borardi. Endi o‘sha sharoitlarning o‘zi yoshlarning oldiga kelayapti. Maqsadimiz – aholini kasb-hunarli qilish. Yaxshi hunari bor odam ishsiz qolmaydi, kerak bo‘lsa uyidan olib ketishadi. Shuning uchun bu imkoniyatlardan foydalanib, yo‘lingizni topib olishingiz kerak, – deya ta’kidladi davlat rahbari.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 9 dekabrdagi farmoniga muvofiq, aholining uy-joy sharoitini yaxshilash maqsadida joylarda “Yangi O‘zbekiston” massivlari bunyod etilmoqda.

Prezidentimiz Koson tumanida “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida qurilayotgan shunday uylarni borib ko‘rdi.

Bu yerda 2022-2026 yillarda 120 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, mahalla idorasi, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, sport majmuasi kabi turli ijtimoiy ob’ektlar barpo etiladi. Ushbu hududda istirohat bog‘i va stadion borligi aholiga qulaylik yaratadi.

Joriy yilda 616 ta xonadonli 30 ta uy-joy qurilishi boshlangan.

Davlatimiz rahbari uylarni sifatli qurish, odamlar uchun hamyonbop qilish muhimligini ta’kidladi.

Shu yerning o‘zida viloyatda ichimlik suvi ta’minoti va oqova tarmog‘ini yaxshilash borasidagi rejalar haqida ma’lumot berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Kasbi tumanidagi Qamashi mahallasida bo‘ldi.

Bu yerda 6 ming nafardan ziyod aholi yashaydi. Ularga qulay ijtimoiy sharoitlar yaratish maqsadida hududda “Obod qishloq” dasturi amalga oshirildi.

Mahallaga olib keluvchi yo‘l bo‘yida 40 dan ortiq yengil konstruksiyali savdo va xizmat shoxobchalari qurildi. Bu orqali 200 nafarga yaqin aholi ishli bo‘ldi.

Xonadonlar elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi bilan ta’minlandi. 8 kilometrdan ortiq ichki yo‘llarga asfalt, 18 kilometrdan ziyod qismiga qum-shag‘al yotqizildi.

Davlatimiz rahbari Obod mahalla markazidagi sharoitlarni ko‘rdi, bolalarning san’at va sport to‘garakalarini kuzatdi.

– Bunday ishlar tufayli mahallalarga nur, madaniyat kirayapti, odamlar o‘zgarishlarni sezayapti. Endi ushbu markaz xalqimizga xizmat qilishi, doim gavjum bo‘lishi kerak. Bu yerda xizmatlarni ko‘paytirish, yoshlarni sportga, turli to‘garaklarga jalb etish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mahallada joriy yilda 600 nafar xotin-qiz kasanachilik asosida tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarishga jalb qilindi.

Kooperatsiya asosida 50 ta xonadonda inkubator orqali jo‘ja ko‘paytirish, 300 ta xonadonda go‘sht, 200 tasida tuxum yo‘nalishida parrandachilik tashkil etilmoqda.

Tuman faollari bilan suhbatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi, bandlik masalasi haqida so‘z bordi. Davlatimiz rahbari Kasbi tumani azaldan o‘ziga xos kulolchilik va gilamchilik maktabi bilan mashhur bo‘lib kelganini ta’kidlab, “Hunarmand” uyushmasiga hududda ushbu yo‘nalishlarni rivojlantirishga ko‘rsatma berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Abdulaziz MUSAEV,

O‘lmas BAROTOV,

O‘zA muxbirlari