Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallabay ishlash tizimi natijadorligini oshirish hamda aholi bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

Qayd etilganidek, mahallalardagi hokim yordamchilarining tashabbusi bilan 50 mingta oilaviy tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun 1 trillion 300 milliard so‘m kredit va 20 milliard so‘m subsidiya ajratildi.

Natijada hududlarda 47 mingta yangi tadbirkorlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, 8 mingta kichik sanoat va servis loyihalari ishga tushirildi, 2,5 mingta korxona quvvatlari tiklandi va oshirildi.

–O‘zbekiston tarixida birinchi marta bunday katta raqamlar amalda bo‘lganini gapiryapmiz. Mahallada tizim va sharoit yaratganimiz, albatta, qaysi tuman va shahar rahbarlari fidoyi bo‘lib ishlagan bo‘lsa, natija beryapti, – dedi Prezident.

Eng yaxshi natija ko‘rsatgan 14 nafar hokim yordamchilarini mukofotlash, ijobiy natijaga erishgan 2 ming 943 nafar hokim yordamchilariga tashakkurnoma yuborish topshirildi. Ijobiy natija ko‘rsatgan hokim yordamchilari va respublika vakillari “Yangi O‘zbekiston islohotchisi” ko‘krak nishoniga munosib nomzodlar zaxirasi ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bilan birga, tizimdagi oqsoqliklar qat’iy tanqid qilindi.

–Hali 40 foiz mahallada hokim yordamchilarining ishida natija ko‘ringani yo‘q. Misol uchun, 450 ta mahallada ishsizlik darajasi 20 foizdan yuqori. Bunday mahallalar soni Toshkent viloyatida – 59 ta, Farg‘onada – 52 ta, Andijonda – 45 tani tashkil etib, qolgan hududlardan ko‘p, –  dedi Prezident.

Shu munosabat bilan Toshkent shahar hokimi, birinchi o‘rinbosari va soliq boshlig‘i qat’iy ogohlantirildi. Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hokimlari 1-o‘rinbosarlari lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirildi.

Shuningdek:

– Oltinko‘l tumani, Zarafshon shahri hokimlari;

– Bekobod, Oqqo‘rg‘on, Kosonsoy, Nishon, Izboskan, Qo‘rg‘ontepa, Shovot, To‘rtko‘l, Tomdi, To‘raqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Farg‘ona tumanlari, Navoiy, Kattaqo‘rg‘on shaharlari hokimlarining 1-o‘rinbosarlari;

– Karmana, Forish tumanlari prokurorlari;

– Yangiyer, Shahrisabz shaharlari, Forish tumani IIB boshliqlari;

– Nurota, Muzrabot, Shahrisabz, Mirzacho‘l tumanlari soliq boshliqlari;

– respublikadan 11 nafar vakil lavozimidan ozod etildi.

O‘zA