Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz“ markaziy ko‘rgazmalar majmuida “Sog‘liqni saqlash – TIHE 2022” xalqaro tibbiyot ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.

“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi tomonidan va bir qator davlat tashkilotlari rasmiy ko‘magida tashkil etilgan tadbirda 15 mamlakatdan 150 kompaniya ishtirok etmoqda.

“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi menejeri Nodira Hayitboyevaning ma’lum qilishicha, tibbiyot beto‘xtov rivojlanib, doimiy ravishda yangi dori vositalari patentlanmoqda. Tibbiy asbob-uskunalar yaratilmoqda, davolash va jarrohlik operatsiyalarining yangi usullari joriy etilmoqda. Har bir mamlakat xususiy va davlat tibbiyot muassasalarini tizimli yangilashda, zamonaviy tibbiy asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlashda g‘amxo‘rlik qiladi.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mamlakatimiz fuqarolarining umumiy farovonligi yo‘lida sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish va mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – dedi N.Hayitboyeva. – Pandemiya davrda bemorlar uchun qo‘shimcha o‘rinlar yaratish va tegishli infratuzilma bilan ta’minlash bo‘yicha shoshilinch chora-tadbirlar ko‘rilib, ko‘plab muassasalar shifoxonalarga aylantirildi. Soha mutaxassislari ko‘rgazma sog‘liqni saqlash tizmini rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish, eng yangi tibbiy asbob-uskunalar va texnologiyalar bilan tanishishda muhim ahamiyat kasb etishini tasdiqlab kelmoqda. Har yili ko‘rgazma maydoni o‘z doirasida ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar, dilerlar va shifokorlarni tibbiyot sohasidagi eng so‘nggi yangiliklar, mavjud tibbiy amaliyotlar va ilg‘or texnologiyalarni muhokama qilish uchun birlashtiradi.

Ko‘rgazmada doimiy ishtirokchilar qatorida 40 ta kompaniya ilk bor qatnashmoqda.

Jumladan, ilk bor Latviya kompaniyalari milliy stend bilan ishtirok etyapti. Shuningdek, Germaniyaning 5 ta, Rossiya va Belarus kabi davlatlar kompaniyalari kimyo, tibbiyot muassasalari uchun uskunalar, dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar, dori-darmonlar, tibbiyot mebellari, protez-ortopediya jihozlari, operatsiya stollari kabi mahsulotlarini namoyish etmoqda.

– Germaniyaning “Dreager” kompaniyasi 1889 yildan buyon tibbiy uskunalar ishlab chiqaradi. Kompaniyaning mamlakatimizdagi rasmiy distribyutori 1996 yilda ochilgan. Biz xaridorlarga ushbu kompaniyaning jarrohlik amaliyoti, sun’iy nafas olish apparatlarini yetkazib beramiz. bugungi ko‘rgazmadan amaliy natijalar kutyapmiz, –dedi kompaniyaning distribyutor vakili Islombek Hasanboyev.

Xalqaro ko‘rgazma doirasida “Sog‘liqni saqlashda zamonaviy texnologiyalar” mavzusida ilmiy-amaliy seminarlar o‘tkaziladi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri