Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 aprel kuni farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Joriy yil 21 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-2026 yillarda farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid farmoni qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, mahalliy dori vositalari ishlab chiqarish hajmini 3 barobarga oshirish, ichki bozorni ta’minlash darajasini natural hajmda 80 foizga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.
Yig‘ilishda shu borada boshlangan ishlar, tarmoqdagi loyihalar holati tanqidiy tahlil qilindi.
Mamlakatimizda yiliga 1 milliard 600 million dollarlik farmatsevtika mahsulotlari iste’mol qilinadi. Shundan katta qismi – qariyb 1 milliard 200 million dollarlik mahsulotlar import qilinmoqda.
Hududlar kesimida olganda, mahalliylashtirish darajasi mutlaqo qoniqarsiz. Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm, Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida iste’mol qilinadigan dorining atigi 2-5 foizi mahalliy ishlab chiqaruvchilar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shu bois, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida loyihalar bilan ishlash tizimini yangidan qilish vazifasi qo‘yildi. Dori vositalariga talabni o‘rganib, ularni mahalliylashtirish chora-tadbirlari belgilandi.
Xususan, joriy yilning o‘zida 80 million dollarlik 34 ta loyiha rejalashtirilgan. Mutasaddilarga bu borada tadbirkorlarga ko‘maklashib, loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Yirik xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazib, ularning brendlarni jalb qilish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Investitsiyalar loyiha markazi tomonidan yana 18 ta istiqbolli loyiha ishlab chiqilgan. Davlatimiz rahbari ularni Hindiston, Germaniya, Turkiya, Xitoy, Janubiy Koreya kabi davlatlar kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Yangi loyihalarni moliyalashtirish hamda aylanma mablag‘lar uchun 200 million dollar kredit resurslari jalb qilinadigan bo‘ldi.
Tarmoqdagi eksport masalasi muhokama qilinar ekan, uning katta qismi Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridan bo‘layotgani, qolgan hududlarda bu ko‘rsatkich anchada past ekani ko‘rsatib o‘tildi. Yangi loyihalar natijasida farmatsevtika mahsulotlari eksportini keskin oshirish mumkinligi qayd etildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Moliya vazirligiga yurtimizda talab yuqori bo‘lgan 120 turdagi dori vositalarini mahalliy ishlab chiqaruvchilardan 3 yil muddatga kafolatli xarid qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Bunda, ayniqsa, onkologiya, gematologiya, endokrinologiya va virusli kasalliklar uchun dorilar narxini arzonlashtirish kerakligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
bugungi kungacha dori va tibbiy vositalar ishlab chiqarish uchun qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladigan xomashyolar ro‘yxati beshta idora tomonidan tasdiqlanar edi. Endilikda bu ro‘yxat uchta – Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Bojxona qo‘mitasi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan tasdiqlanishi belgilandi.
Shuningdek, endi mahalliy korxonalarning “GMP” sertifikatini olish bilan bog‘liq xarajatlari Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan qoplab beriladi. Korxonalarni modernizatsiya qilishni moliyalashtirish To‘g‘ridan-to‘g‘ridan investitsiyalar jamg‘armasi ishtirokida amalga oshiriladi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi va viloyat hokimlariga 80 ta tumanni dorivor o‘simliklarni yetishtirishga moslashtirib, plantatsiyalar tashkil etish topshirildi.
Bu tajribani kengaytirishda kooperatsiya va oilaviy tadbirkorlik uchun nazarda tutilgan barcha imtiyoz va moliyalashtirish tartiblari tatbiq etiladi.
Qayd etilganidek, dorivor o‘simliklarni qayta ishlaydigan korxonalar 2025 yil 1 yanvarga qadar uskuna va ehtiyot qismlar, xomashyo importida bojxona bojidan ozod qilinadi. Ularga tayyor mahsulotlar eksporti uchun transport xarajatlarining 50 foizigacha qismi qoplab beriladi, har 10 gektar plantatsiyalarga suv chiqarish uchun 600 ming so‘mdan subsidiya ajratiladi, dorivor o‘simliklar plantatsiyalariga boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Davlatimiz rahbari dorivor o‘simliklar klasterlari tashkil etish, hududlardagi oliy ta’lim muassasalarida farmatsevtika bo‘yicha fakultetlar ochish takliflarini qo‘llab-quvvatladi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar, sohadagi yetakchi korxonalar rahbarlari va dorivor o‘simlik yetishtiruvchi tadbirkorlar so‘zga chiqdi. Prezidentimiz ularning taklif va tashabbuslarini amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.