O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Sobir Shukurov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Boku shahrida Ozarbayjonning AzerTAJ axborot agentligi boshqaruvi raisi Aslan Aslanov bilan uchrashib, o‘zaro munosabatni mustahkamlash masalasini muhokama qildi.

AzerTAJ rahbari dastlab mehmonlarga agentlik haqida batafsil ma’lumot berdi. Shu bilan birga mamlakatlarimiz va xalqlarimiz doimo bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelganini ta’kidlab, bu munosabatlar yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.

Ayni jarayonda O‘zA va AzerTAJ o‘rtasidagi sheriklik ko‘lamini kengaytirish bugungi kunning muhim va dolzarb masalasi ekani qayd etildi.

O‘z navbatida S.Shukurov mazkur uchrashuv ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish uchun asos bo‘lishini aytib, jumladan shunday dedi: «Davlatlarimiz singari agentliklarimiz hamkorligi ham chuqur tarixiy ildizlarga ega. Shundan kelib chiqib, biz AzerTAJ bilan axborot almashish salmog‘ini sezilarli ravishda ko‘paytirish, texnik jihatdan, kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish niyatidamiz».

Muloqot chog‘ida axborot sohasidagi xalqaro tuzilmalar bilan sheriklik doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlash, kelishuv hujjatlarini imzolash, qo‘shma loyihalar amalga oshirish kabi masalalar ham ko‘tarildi.

Mehmonlar AzerTAJning yangi binosini ko‘zdan kechirib, bu yerda xodimlar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan tanishdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillariga mamlakatimizning Bokudagi elchixonasi xodimi Bahrom G‘oipov hamrohlik qildi.

G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA