Ertaga, 1 apreldan 2-3 yoshli bolalarni to‘liq quvvatga ega bo‘lmagan bog‘chalarga qabul qilish boshlanadi.

Bu haqda Maktabgacha ta’lim vazirligi mutasaddilari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Misol uchun, 400 o‘ringa mo‘ljallangan maktabgacha ta’lim tashkilotiga ayni paytda 350 nafar bola qatnaydi. Shuningdek, mazkur bog‘chaga 3-7 yoshli bolalar navbatda turmagan bo‘lsa, shu bog‘chada qo‘shimcha pullik xizmat ko‘rsatuvchi Ilk rivojlanish guruhlari tashkil etiladi.

Ularga ta’lim berish uchun maxsus dastur ishlab chiqilmoqda. “Ilk qadam ” dasturi ushbu ilk qadam rivojlanish guruhlari uchun tatbiq etilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev mazkur masalaga alohida e’tibor qaratgan edi. Bu esa ishlashni hoxlovchi yosh ota-onalar uchun qulay imkoniyatdir.  Shuningdek,  xotin-qizlar bandligini taminlash,  ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishga ko‘maklashish, manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Mohigul Qosimova, O‘zA